Rahmat senga, anomal sovuq!
Foto: “Xalq soʻzi”
Ekkan pomidor koʻchatlarimiz har yili hosili pishar-pishmay qurt tushardi, oʻsib, gʻovlab ketardi. Koʻklam barg yozar-yozmay hovlimizdagi katta sadaqayragʻochga kuya tushib, boʻy choʻzmay, soya-salqin bermay qoʻyardi.
Qovunga qurt tushishi esa dehqonlar mehnatining kushandasi edi. Hattoki, achchiq boʻlsada, sarimsoq piyozlar qatida ham mayda zararkunanda gʻimirlardi.
Ammo bu yil, yoz oʻzgacha keldi, polizdagi pomidorlarimiz odam boʻyi oʻsib, qip-qizil boʻlib pishdi. Onam bilan bankalar, tuzlamalar yopdik. Hammasi hovlimizdagi oʻz tomorqamizdan chiqdi. Bultur esa katta tomorqamiz boʻla turib, qishki taraddud uchun pomidorni bozordan sotib olgandik.
Sadaqayragʻoch shu qadar boʻy choʻzib, yayrab-yashnab barg yozdiki, uning soyasiga quyoshning tangadek nuri ham tushmaydi. Daraxt ostida orom olib, hovlidagi shabadada maza qilib oʻtiribmiz. Qurt-purt, kuya-puya yoʻq, bu yil.
Qovunlarning turli xil navlari obdon yetilib pishdi. Ularni odamlar qurti bormi, yoʻqmi, degan xavotirga bormay, bemalol tanovul qilishayotir.
...Bobom koʻpni koʻrgan, ob-havoning foyda va ziyonlaridan xabari bor.
— Qizim koʻrdingmi, baʼzida achchiq, baʼzida shirin kerak boʻlganidek, ona tabiatga issiq ham, sovuq ham birday zarur. Qishdagi qahraton tufayli bu yil zararkunanda hasharotlar deyarli yoʻq. Shuning uchun ham ekinlar emin-erkin oʻsib, moʻl hosil bermoqda, — deydi bobojonim.
Koʻm-koʻk barglar orasidagi qip-qizil pomidorlardan birini uzar ekanman, beixtiyor dilimdagi fikr tilimga koʻchdi:
— Rahmat senga anomal sovuq!
Surayyo OʻRINBOYEVA, Sardoba tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring