Quvlashmachoq: AQSH Rossiya bilan gipertovushli qurol sohasida musobaqaga kirishdimi?
Pentagon rahbari Mark Esper AQSH gipertovushli qurol yaratishda Rossiyadan ortda qolayotganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bunga mazkur yoʻnalishdagi izlanishlar jarayoni maʼlum muddat toʻxtab qolgani sabab boʻlgan. M.Esper bu haqda yaqinda Vashingtonda boʻlib oʻtgan xavfsizlik forumida maʼlum qildi.
“Biz bu borada mutlaqo yetakchi edik, endi esa quvlashmachoq oʻynayapmiz. Mudofaa vazirligi gipertovushli qurol sohasidagi raqobatda ustunlikka erishishimiz uchun har bir dollarini sarflaydi”, - dedi u.
U, shuningdek, Rossiya turli, jumladan, strategik qurollarni ishlab chiqayotganidan xavotirda ekanligi, bu RF bilan AQSH oʻrtasida imzolangan hozirgi strategik hujumkor qurollanishni yanada qisqartirish va cheklash boʻyicha shartnoma(SNV-III)dan tashqarida qilinayotganini bildirgan.
Umuman olganda, AQSH tomoni bu kabi bayonotlarni doimiy ravishda bildirib kelayotgan boʻlsa, Rossiya uni doimiy ravishda rad etmoqda.
M.Esperning aytishicha, M-5dan yuqori tezlikka chiqa olishga qodir namunalar gipertovushli qurollar sirasiga kiradi. U bunday qurollanish kelajakda butun dunyoda strategik muvozanatga jiddiy taʼsir etadi deb hisoblaydi.
AQSHda gipertovushli loyihalar Prompt Global Strike(“Tez global zarba”) tashabbusi doirasida rivojlangan. Xususan, bu borada ikkita bir-biriga raqobat tugʻdiradigan ishlanma — Advanced Hypersonic Weapon (AHW) va Hypersonic Technology Vehicle 2 (HTV-2) yaratilgan. Tezligini mos ravishda M — 9,65 va M — 5,1 tezlikka chiqara oladigan X-43A hamda X-51 WaveRider qurollarning aniq namunalari hisoblanadi.
Masalan, X-51 WaveRider gipertovushli qanotli raketa boʻlib, ushbu loyihaning asosiy maqsadi jangovar vazifani bajarishga ketadigan uchish vaqtini keskin qisqartirishga qaratilgan. Taktik-texnik vazifaga muvofiq, X-51A tezligini qariyb M-6-7(6500-7500 km./soat)ga yetkazishi nazarda tutilgan.
Uning birinchi sinovi 2009-yilda oʻtkazilgan. Tashuvchi sifatida esa V-52 strategik bombardimonchi samolyotidan foydalanilgan. Ushbu sinov 95 foiz muvaffaqiyatli deb tan olingan. Muammo sifatida esa gipertovushli qurilma bilan aloqadagi uzilishlar koʻrsatib oʻtilgan. U uch daqiqali parvozda raketa tezligini M-5gacha chiqara olgan.
2013-yilda esa AQSH Tinch okeani ustida bu borada yana bir muvaffaqiyatli sinov oʻtkazdi. U Edvards aviabazasida B-52 samolyoti bortidan uchirilgan edi. Raketa 18,2 ming km. balandlikni zabt etgan, tezligi esa M-5,1ga yetgan.
X-51A parvozi olti daqiqa davom etib, u 426 km. masofani bosib oʻtgan edi. Bu shu paytgacha mazkur yoʻnalishda oʻtkazilgan sinovlardan eng uzoq davom etgani hamda muvaffaqiyatlisi hisoblanadi. Qad etilishicha, sinov paytida X-51A da boshqarish tizimi va jangovar qismi olib qoʻyilgan.
X-51Aʼning uzunligi 8 metr, tortishish kuchi 180-450 kgsga teng, yoqilgʻi ogʻirligi 120 kg., SJY61 gipertovushli toʻgʻri nuqtali havo-reaktiv dvigateli oʻrnatilgan. Uning keyingi sinovlari haqida hozircha maʼlumotlar yoʻq.
SR-72 uchuvchisiz razvedka samolyotini ishlab chiqish okean ortida ushbu sohadagi yana bir istiqbolli loyiha hisoblanadi. Mazkur qurilma prototipining ilk parvozi 2017-yil iyul oyida oʻtkazilgan edi. Garchi uning tafsilotlari oshkor etilmagan boʻlsa-da, u ijobiy natija bergani taxmin qilinadi.
Rejaga koʻra, SR-72 30 km.(ayrim manbalarda hatto 70 km.) balandlikda tezligini soatiga 6,4 ming km.gacha chiqarishi kerak. Parvoz masofasi 6 ming km.dan kam boʻlmasligi ham qoʻshimcha qilinadi.
Umuman olganda, mutaxassislarning aytishicha, gipertovushli raketa bilan qurollangan gipertovushli samolyotlar ehtimoliy dushman havo boʻshligʻining eng oliy nuqtalariga ham kira oladi va qitʼaning istalgan qismiga zarba bera oladi. Ushbu vazifani 1 soatga yetmasdan bajaradi. Bunday samolyotlar AQSH harbiy kuchlari tarkibiga 2030-yilda kelib qoʻshilishi kutilyapti.
Tahlilchilarning aytishicha, bunday muvaffaqiyatlarga qaramasdan hali oldinda mashaqqatli va juda qimmatga tushadigan ishlar turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring