Quvasoyda hokim yordamchilariga elektroskuterlar berildi
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Quvasoy shahridagi oʻrganishlar jarayonida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari tomonidan yoʻlga qoʻyilgan ishlar bilan tanishdi.
Shaharning Isfaramsoy hamda A.Navoiy MFY hududlarida hokim yordamchilari bilan muloqot qilgan viloyat hokimi, Davlatimiz rahbarining ishonchi bilan ishga kirishgan hokim yordamchilari, statistik maʼlumotlar yigʻish bilan emas, har kuni hech boʻlmaganda bitta oilada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, bitta fuqaroning bandligini taʼminlash kabi aniq vazifalarni oʻzlari uchun belgilab olishlari shartligini uqtirdi.
Shahar hokimligi tomonidan hokim yordamchilariga yaratib berilgan sharoitlar ham eʼtibor tortdi. 30 nafar hokim yordamchisining barchasi alohida xona, kompyuter jamlanmasi bilan taʼminlangan, har biriga dastlabki va qoʻshimcha toʻlovlarsiz yil davomida boʻlib toʻlash sharti bilan elektroskuterlar berilgan.
Xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urugʻchilik, koʻchatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yoʻlga qoʻyish ham hokim yordamchilarining ustuvor vazifalari qatorida ekaniga eʼtibor qaratgan viloyat hokimi, aholiga qoʻy, mol va boshqa chorva turlarini yetkazib berishda banklar taqdim etgan taʼminotchilarga emas, balki hozirgi kunda xorijdan zotdor chorva turlarini olib kelayotgan tadbirkorlar bilan ishlash kerakligini, bank oldida aholi manfaatlarini himoya qilishga ham hokim yordamchilari masʼul ekanini qayd etdi.
Salkam 50 yildan beri asalarichilik bilan shugʻullanib kelayotgan Gʻanijon Yoʻldoshev, viloyat hokimi bilan muloqotda xonadonlarga asalari yetkazib berish, asalarichilik sirlarini oʻrgatish boʻyicha ish tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Mohir asalarichining bu sohani rivojlantirish hamda qoʻshimcha mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha fikrlari viloyat rahbari tomonidan maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring