Quva tumanida tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish korxonasi ochiladi
Foto: Xalq soʻzi
Fargʻona viloyati hokimligida AQSHning tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish va savdosi bilan shugʻullanuvchi “Medzon Health” va “Alsaadi holding“ kompaniyalari boshqaruv raisi Abdul Al-Saadi va Saudiya Arabistonining “Rosemarin” kompaniyasi rahbari Bassam Al-Saadi bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijlik sarmoyadorlarga yurtimizda yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, qulay sharoitlar, xususan, Fargʻona viloyatidagi tadbirkorlik muhiti haqida toʻliq maʼlumot berildi.
Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga koʻra, bosh ofisi AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan “Medzon Health” kompaniyasi 2015-yildan buyon ushbu yoʻnalishda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bugungi kunda kompaniya Turkiya, Tailand, Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi davlatlarda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan.
— Yurtingizda xorijlik investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani bizga manzur boʻldi,—deydi kompaniya boshqaruv raisi doktor Abdul Al-Saadi. —Shu bois Fargʻonada ham bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Ishonamizki, oʻzaro ishonchli hamkorligimiz kelajakda ikki qardosh xalq tadbirkorlari oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.
Aytish joiz, bugungi muloqot mobaynida viloyatning Quva tumanida 500 ta ish oʻrniga ega tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodi loyihasini hayotga tatbiq etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring