Qurilish maydonlarida havoni ifloslantirmaslik talablarini buzgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi

13:04 04 Mart 2025 Jamiyat
319 0

Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilandi. Qonunning toʻliq matni “Xalq soʻzi” gazetasining 2025-yil 4-martdagi 44 (8939) sonida eʼlon qilindi.

Unga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilgan.

Maʼlum qilinishicha, endilikda oʻlchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonida, unga tutash boʻlgan hududda hamda undan chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻyish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Ayni shu qonunbuzarlikni sodir etgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari yaʼni 3 mln 750 ming soʻm miqdorida jarima solinadi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari yaʼni 18 mln 750 ming soʻm miqdorida jarima solinishi belgilangan.

“Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер