Qurilish inshootlarining yongʻinga bardoshliligini takomillashtirish — dolzarb masala
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Qurilish inshootlarining yongʻinga bardoshliligini takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.
Anjumanda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari, oliy taʼlim muassasalari vakillari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, FVV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad –– qurilish inshootlarining yongʻinga bardoshligini oʻrganish, ularning mustahkamligi, ishonchligi, olovbardoshligini oshirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy usul va innovatsion texnologiyalarini joriy etish, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish kabi dolzarb masalalarni oʻrganish, tahlil etish hamda kursantlarga zamonaviy nazariy va amaliy tushunchalar berish, ularning bu sohadagi bilimlarini boyitish, shu bilan birgalikda ushbu sohalarda oʻz yechimini kutayotgan muammolarga javob bera oladigan tavsiyalar, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqish va amaliy koʻnikmalarni yanada shakllantirishdan iboratdir.
Anjumanni Akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy oʻsish, ayniqsa, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini, ilm-fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning mustahkam asoslari yaratilayotgani, shuningdek, qurilish inshootlarining yongʻinga bardoshligini takomillashtirishning dolzarb muammolariga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini va ijroga kiritilganligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz” deya taʼkidlagan soʻzlari eʼtirof etildi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo boʻlish xavfini yanada oshirayotganiga eʼtibor qaratib, qurilish inshootlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ularni bartaraf etishdagi muammolarni yechimini topish, xavfsizlikni taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash samaradorligini oshirishda qoʻl keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.
Anjuman doirasida tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan ilmiy innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.
— Mamlakatimizda yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarni uzluksiz monitoring qilish, tizimli kuzatuvini va nazoratini amalga oshirish, favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan xavflar va tahdidlarni barvaqt aniqlash va prognozlash maʼlumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari toʻgʻrisida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini taʼminlashga moʻljallangan intellektuallashgan apparat – dasturiy majmua tizimini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratish joiz deydi, – podpolkovnik Quvondiq Murtazayev. — Shuningdek, favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda bartaraf etishda, anjumanda bildirilgan taklif-tavsiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish orqali samarali natijaga erishamiz, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, yurtimizda qad koʻtarayotgan bir-biridan koʻrkam koʻp qavatli bino-inshootlarimizni xalqaro standartlarga mos kelishi va yongʻinga bardoshliligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi hamda zamonaviy texnologiyalar asosida mustahkamligini oshirish orqali sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olgan boʻlamiz.
Farhodjon XOʻJAYEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring