Qurib borayotgan daraxtlar uchun kim javob beradi?

15:52 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
401 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilgi kuzgi mavsum davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyati hududida 9 million 942 ming tup daraxt va buta koʻchatlari ekilishi rejalashtirilgan. 16 ta tuman va shahar hududlarida qariyb 15 gektarlik “Hokimlik bogʻlari”, 12 ta tuman va shaharlarda “Yashil jamoat parklari”, 7 ta tuman va shahar hududida “Yashil bogʻlar” hamda ekologiya vazirligi tashabbusi bilan “Ekologiya bogʻi” tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Masalan, viloyat hududida faoliyat koʻrsatayotgan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularga tutash boʻlgan hududlardagi 93 gektar maydonda 16 753 dona qayragʻoch, yapon saforasi va aylant kabi daraxt koʻchatlari ekilib, “Yashil belbogʻ” tashkil etiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hozirgi kunda birgina Samarqand shahar hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻli yoqasidagi “Baytiqoʻrgʻon Usmonova Nargiza” fermer xoʻjaligi tomonidan 20 mingdan ziyod manzarali buta va 153 tup manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar qanchalik yaxshi boʻlishiga qaramay har yil ekilayotgan yangi nihollarning qurib qolayotganligiga tez-tez guvoh boʻlamiz. Xoʻsh, buning sababi nimada?

Mutaxassislar ekilayotgan daraxt koʻchatlarining kamida 1 foizi qurishini tabiiy hol deb aytishadi. Ammo, quriyotgan koʻchatlar jami ekilganlarining 1 foizidan ancha koʻp ekanligi barchaga ayon. Chunki bunday holatga har qadamda duch kelasiz.

Birgina misol. Samarqand-Qarshi yoʻnalishida harakatlangan boʻlsangiz, Nurobod tumani hududidan oʻtuvchi katta yoʻl boʻyida ihota uchun ekilgan manzaralar daraxtlarning ming tupdan ortigʻi suvsizlik tufayli qurib qolganligiga guvoh boʻlasiz. Sababini soʻrasangiz mutasaddilarda bahona har doim tayyor.

Baʼzida bitta daraxt yoki nihol uchun bong uramiz, aybdorlarni jazolashga daʼvat etamiz. Xoʻsh, bu yerda qurib borayotgan daraxtlar uchun kim javob beradi?

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер