Quloqda shovqin paydo boʻlishining sababi nima?
Bu holat tibbiyotda tinnitus deb ataladi. Maʼlumotlarga koʻra, dunyo aholisining 5-8 foizi mazkur xastalik bilan yashaydi. Kasallik, odatda, keksalarga xos. 55-65 yoshdagi kishilarning har besh nafardan biri oʻzida quloq shangʻillashi holatlari kuzatilib turishini aytadi.
Biroq ushbu muammo yoshlarda ham uchrab turibdi. Bu shovqinli joylarga tashrif buyurish, shuningdek, quloqchinlarda baland ovozda musiqa tinglash bilan bogʻliq.
Quloqlarda shovqin boʻlishi bolalarda kamdan-kam uchraydi. Tugʻma karligi boʻlgan odamlarni esa bu masala umuman qiynamaydi.
Ushbu xastalikka chalingan bemorlarning 85 foizi 250 – 8000 Hz tebranish oraligʻidagi tovushlarni eshitish imkoniyatidan mahrum boʻlishi tasdiqlangan.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, quloqlardagi shovqin koʻproq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilar, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari boʻlgan bemorlarda koʻproq uchraydi.
Tinnitusning — arterial gipertenziya, boʻyin osteoxondrozi, otit, sensonevral eshitish zaifligi, qon tomirlari aterosklerozi, stress, endokrin kasalliklar, eshitish nervlarining nevrinomasi, tarqoq skleroz singari bir necha omillar taʼsirida faollashishi isbotlangan.
Bundan tashqari, baʼzi dorilarni qabul qilish, yaqin masofada kuchli pirotexnikaning portlashi, konsertlardagi oʻta baland tovush taʼsiridagi barotravma va akustik jarohatlar ham quloq shangʻillashiga sabab boʻladi.
Tinnitusdan aziyat chekuvchi bemorlar quloqdagi shovqin uyquga ketishdan oldin, atrofda jimjitlik paydo boʻlganda nihoyatda aniq eshitilishini taʼkidlashadi. Diqqatni shovqinga qaratish uyqusizlikka olib kelishi mumkin.
Agar xastalik rivojlanishda davom etsa, quloq shangʻillashi kunduzi, shovqinli muhitda ham bezovta qila boshlaydi.
Bemor bu tovushga tobora koʻproq diqqat qaratishi natijasida uning psixoemotsional taʼsirchanligi ortadi. Kayfiyati yomonlashib, depressiv reaksiyalar rivojlanishi mumkin. Tinnitus kasalligi kuzatilganda, avvalo, uning sababini aniqlashga yordam beradigan tekshiruvlar oʻtkazilishi zarur.
Quyidagi oddiy tavsiyalarga rioya qilib, oʻzingizni tinnitusdan himoya qilishingiz mumkin:
Quloqchinlarda musiqa tinglasangiz, ovozning juda baland emasligiga eʼtibor bering. Metroda musiqa eshitmaslikka harakat qiling. Chunki poyezd tovushi va quloqchindan chiqayotgan ovoz eshitish analizatorining ortiqcha zoʻriqishiga olib keladi.
Ish faoliyatingiz baland shovqinlar bilan bogʻliq boʻlsa, quloq tiqinlaridan foydalanishni unutmang.
Kofein va spirtli ichimliklardan saqlaning. Ular quloqda shovqin kuchayishiga olib keladi.
Stressli vaziyatlardan qoching. Kuniga meʼyor darajasida — yetti-sakkiz soat uxlayotganingizga ishonch hosil qiling.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring