Qozogʻistonda qoʻshma loyihaga start berildi

14:05 29 May 2020 Iqtisodiyot
850 0

Joriy yilning 28-may kuni “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, Turkiston viloyati hokimiyati va Qozogʻistonning “Orbis Kazakhstan” kompaniyasi Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjalik texnikalarini Qozogʻistonda yigʻish loyihasi doirasida investitsiya shartnomasi va yoʻl xaritasini imzoladilar.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan “Orbis Kazakhstan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Turkistan” sanoat zonasi hududidagi “Brownfield” ishlab chiqarish maydonchasida qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha 3 bosqichda olib boriladi. Umumiy investitsiya hajmi 12 million dollarni tashkil etadi. Amalga oshirilayotgan loyihaning toʻliq quvvati ishga tushgach 100 ga yaqin ish oʻrinlari yaratiladi.

Uchrashuv davomida “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi Nodir Otajonov Turkiston viloyatining sarmoyaviy muhitiga yuqori baho berdi.

Oʻz navbatida, Turkiston viloyati hokimi Umurzoq Shukeyev bunday loyihalar ikki mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega oʻzaro manfaatli hamkorlikning namunasi ekanligini taʼkidladi.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ mahalliylashtirish istiqboliga ega qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Sanoat zonasi hududida 110 ot kuchiga ega universal-haydov traktorlari, 80 ot kuchiga ega paxta traktorlari, shuningdek, paxta terish mashinalari, 4 tonnagacha yuk koʻtaradigan traktor tirkamalari, rotorli oʻrgich-maydalagichlar, purkagichlar, paxta kultivatorlari hamda 3 va 4 korpusli pluglarni ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Kompaniyamiz qozogʻistonlik mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish, shuningdek texnik xodimlar uchun amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish ishlarini amalga oshiradi.

Oʻz navbatida, “Orbis Kazakhstan” kompaniyasi Qozogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish uchun dilerlik va xizmat koʻrsatish tarmogʻini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер