Qozogʻiston rahbari Oʻzbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 24-iyul kuni telefon orqali muloqot qildilar.
Qozogʻiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini atroflicha koʻrib chiqdilar.
Hukumatlararo komissiyaning Toshkent shahrida va qoʻshma Ishchi guruhning Ostona shahrida oʻtgan navbatdagi yigʻilishlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish, sanoat tarmoqlari va infratuzilma sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, qoʻshma madaniy tadbirlarni muntazam oʻtkazish orqali faol gumanitar almashinuvni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi, boʻlajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring