Qozogʻiston qoʻshni davlatlarga benzin eksport qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda

14:27 29 May 2024 Dunyo
374 0

Arxiv foto

Qozogʻistonda yoqilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlash bilan bogʻliq vaziyat yaxshilandi va kelajakda bunday mahsulotlar eksport qilinishi mumkin. Bu haqda energetika vaziri Almasadam Satkaliyev hukumat yigʻilishida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, 2024-yilning toʻrt oyi yakunlari boʻyicha neftni qayta ishlash hajmi 5,9 mln tonnani yoki 2023-yilning shu davriga nisbatan 105,4 foizni (5,6 mln tonna) tashkil etdi. Neft mahsulotlari ishlab chiqarish 4,28 mln tonnani yoki 2023-yilning shu davriga nisbatan 94 foizni (4,55 mln tonna) tashkil etdi.

Neft mahsulotlarini ishlab chiqarish bozoridagi hozirgi vaziyat yaxshilangan. Xususan, neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari va temir yoʻllarda dizel yoqilgʻisining umumiy zaxiralari koʻpaytirilgan.

Shu bilan birga, Oqtau bitum zavodida mahsulot ishlab chiqarishni 1 dan 1,5 mln tonnagacha, Chimkent neftni qayta ishlash zavodi 6 dan 12 mln tonnagacha, Atirau neftni qayta ishlash zavodida 5,5 dan 6,7 mln tonnagacha, Pavlodar neft-kimyo zavodida 5,5 dan 8 mln tonnagacha koʻpaytirish rejalashtirilgan. Ushbu ishlab chiqarish hajmlarini oshirish 2025-2030-yillar oraligʻida amalga oshiriladi.

«Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi ichki bozorning yoqilgʻi-moylash materiallariga oʻsib borayotgan talabini 100 foiz qondirish, shuningdek, neft mahsulotlarini qoʻshni davlatlarga eksport qilish imkonini beradi», – deydi energetika vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер