Qoʻshtepada zamonaviy tikuvchilik oʻquv markazi ish boshladi
Foto: Xalq soʻzi
Qoʻshtepa tumanida joylashgan “Global Textile Infinity” korxonasida zamonaviy tikuvchilik oʻquv markazi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2023-yil fevral oyida ushbu korxonaga tashrifi davomida bir qator tashabbuslar ilgari surilgan edi. Xususan, 3 million dollarlik istiqbolli loyiha natijasida “Global Textile” guruhiga mansub korxonalar uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasi koʻrib chiqilgandi.

— Yangi oʻquv markazi toʻliq oʻz mablagʻlarimiz hisobiga bunyod etildi, — deydi tadbirkor Muzaffar Razzoqov. — Bu yerda oʻquv jarayonida kasb oʻrganuvchilarga ish haqi ham toʻlab boriladi. Markazda yiliga 700 nafargacha malakali tikuvchilar tayyorlash, qayta tayyorlash imkoniyati mavjud. Shu tariqa oʻquv markazida yiliga 2,5 million dona zamonaviy trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularni sotish boʻyicha biznes-reja ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hozirgi kunda tashrif doirasida belgilangan vazifalar doirasida tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish hamda taniqli brendlar bilan hamkorlik oʻrnatishga harakat qilinmoqda. Shu maqsadda Fransiya, Germaniya hamda AQSHning dunyoga mashhur kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Bugun “Global Textile” kompaniyalar guruhida 6,5 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qiladi. Klaster korxonasida paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot yaratishgacha boʻlgan jarayonda koʻplab quvonarli yutuqlarga erishilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring