Qoʻshtepada zamonaviy madaniyat markazi ochildi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida mukammal taʼmirdan chiqarilgan “Istiqlol” madaniyat markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O. Nazarbekov “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida yurtimiz boʻylab amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy samarasi qishloqlarimiz madaniy hayotida ham oʻz isbotini topayotganini alohida taʼkidladi. Olis, chekka manzillarda yashovchi aholi vakillarining madaniy hordiq chiqarishi, konsert, teatr tomoshalari uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani Qoʻshtepa tumanidagi ushbu markaz misolida eʼtirof etildi.

Taʼkidlash joizki, 4,5 milliard soʻm mablagʻ sarf etilgan markaz “Istiqlol” MFYda yashovchi 4 mingga yaqin aholi uchun xizmat koʻrsatadi. Shu bilan birga tumandagi turli madaniy tadbirlar oʻtkaziladigan zamonaviy maskanlardan biri sanaladi.

Markazda 440 oʻrinli tomosha zali mavjud. Shuningdek, raqs, musiqa, estrada yoʻnalishlaridagi toʻgaraklarga qishloq yoshlari jalb etiladi. Bu yerda muzey tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring