Qoʻshtepada 1000 tonnadan ziyod paxta mashina yordamida terib olindi

17:33 17 Oktyabr 2023 Jamiyat
693 0

Qoʻshtepa tumanida tashkil etilgan “Fargona Global Tekstil”paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar keng joriy etilishi natijasida paxtachilik tarmogʻida quvonarli yutuqlarga erishilmoqda.

Xususan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalari keng joriy etilib, yaqingacha 28–30 sentnerdan paxta yetishtirilgan maydonlarda 50 sentnergacha hosil olinyapti. Korxonada eng zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish yoʻlga qoʻyilib, paxtani toʻliq qayta ishlashga erishilyapti. Klaster qoshida tashkil etilgan yangi korxonalarda tayyorlanayotgan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar xorijga eksport qilinyapti.

Eʼtiborlisi, joriy dehqonchilik yilida 3 ta paxta terish mashinasi yordamida 1000 tonnadan ortiq hosil yigʻishtirib olindi. 2024-yili yana 2 ta zamonaviy terim mashinasi xarid qilish rejalashtirilyapti. Shu tariqa yaqin istiqbolda yetishtirilgan hosil asosan terim mashinalari yordamida tez va sifatli yigʻishtirib olinishi maqsad qilingan.

— AQSHning bir kunda 35-40 tonnagacha paxta teradigan ikkita qudratli texnikasini sotib oldik. Mashinalar tajribadan yaxshi oʻtgani sababli keyingi yili yana ikkita sotib olishga buyurtma berildi, — deydi paxta-toʻqimachilik klasteri boʻlim boshligʻi Qoʻchqorali Husanov. — Chunki bitta terim mashinasi kuniga oʻrtacha 250-300 nafar terimchining ishini bajarmoqda. Shu bois bosqichma bosqich paxtani mashinada terib olishga moslab yetishtirish va texnika yordamida terib olishni moʻljallayapmiz.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер