Qoʻshtepa tumanida “gollandcha” hovli bor...

17:47 29 Aprel 2020 Jamiyat
2386 0

Taomilga koʻra, mehmon kelsa, bu yerdan u quruq qaytmaydi. Qoʻliga hech boʻlmaganda, bir juft xona gulini tutqazib yuborishadi. Shundan boʻlsa kerak, Fargʻona viloyatida bu xonadonni koʻpchilik gulchilar oilasi sifatida yaxshi taniydi… Bordiyu, xonadon bekasi Sanobar opa Tursunovadan hayot mazmunini soʻrasangiz, hech ikkilanmay “yurtimizda va xorij mamlakatlarida oʻsadigan noyob gul nihollarini koʻpaytirish”, deb javob beradi.

Gulchi opaning gulzor oralab yurganiga 20 yil boʻldi. Shu vaqt ichida gul parvarishlash, oʻsimliklar bilan til topishish nozik va murakkab ish ekanini tushundi. Opa bularni ishining davomchilari boʻlmish farzandlariga astoydil oʻrgatmoqda. Gulxonaga kirarkanmiz, uning muattar ifori dimoqqa uriladi. Goʻzallikdan hayratga tushasiz. Atrofga nazar tashlab, bir dona gulning ildiz otib, avj olishi uchun qancha mashaqqatli mehnat talab etishini his qilasiz.

Niyat va shunga yarasha harakat qilsang, eʼtibor va sharoit boʻlsa bas, hamma narsaga erishish mumkin ekan. Koʻpdan buyon issiqxona qurishni va har bir issiqxonada mamlakatlarda keltirilgan gullarni oʻstirishni orzu qilgan opaga mutasaddilar koʻmaklashdilar. Hovli markazidagi issiqxonada begoniya, geran, Azaliya yoki Gerberami, xullas, gullarning hamma turidan bor. Sanobar opa bir-biri bilan husn talashayotgan bu gullarga soatlab taʼrif berishi mumkin. Beixtiyor, yashil maydon jozibasiga maftun boʻlasiz, ona zaminimizning bebaho saxovati, moʻjizakor qudratiga tahsin aytasiz.

-Gul bor joyda ozodalik, quvonchu shodlik, baraka hukm suradi, deydi Sanobar Tursunova. -Shu bois, bundan hovliga issiqxona barpo etdik. Albatta, faoliyatimizni boshlashdan oldin mirishkor gulchilardan maslahatlar olganmiz. Dastlabki yil daromadimiz uncha yaxshi boʻlmadi. Lekin hozir yaxshigina foyda olyapmiz. Daromad esa farzandlarni uylab-joylashga, farzandlarimga mashina olishga sarflayapmiz. Karantinda ham tinim va zerikish yoʻq. Hozir gulchi opaning xonadoniga gul sotib olish uchun keluvchilarning son-sanogʻi yoʻq. Ular orasida atay tajriba almashish istagida kelayotganlari ham koʻp. Sanobar opaning gullariga qoʻshni mamlakatlardagi gulsevarlar ishqiboz.

Hovlida gul qoʻyilmagan joy deyarli yoʻq. Oila aʼzolarining asosiy ish joyi shu xonadonini egallagan issiqxona. Mehnatni faqat kattalar qilmaydi, ularga farzandlar ham yaxshigina yordamchi boʻlib qolgan. Yoshlarda ham ishbilarmonlik koʻnikmasi shakllanyapti, suyagi foydali ishda qotyapti. Bugun mahallada bu oiladan oʻrnak oladigan kishilar ham talaygina. Gulchilikni ham bir sanʼat sifatida eʼtirof etadigan Sanobar opa Tursunova singari goʻzallikka oshno insonlar mehnati, fidokorligi bilan yurtimiz yana-da obod va koʻrkam boʻlayotganini koʻrib, koʻzingiz quvnaydi.

Elyor EHSONOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер