Qoʻshrabotning dashtida ham kartoshka yetishtiriladi
2020-yili Samarqand viloyatida gʻalladan boʻshagan 9 ming 580 gektar yer maydoniga Gollandiya, Rossiyadan keltirilgan sifatli, iqlim sharoitiga mos kartoshka ekish rejalashtirilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, kartoshka yetishtirish bilan nafaqat meva-sabzavot, paxta va gʻallachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlar balki chorvachilikka ixtisoslashgan, asosiy maydoni lalmi yerlardan iborat boʻlgan tumanlarda ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyatning Qoʻshrabot tumani asosan, chorvaga ixtisoslashgan, 215 ming gektar umumiy yer maydonining 39 ming gektarigina haydaladigan, lalmi yerlar. Yillar davomida bu yerlarda ham faqat gʻalla, noʻxat ekilgan. Aholining asosiy qismi chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan. Suv masalasi, qolaversa, bu borada tajriba, koʻnikmaning yoʻqligi sababli Qoʻshrabot tumanida yaqin yillargacha odamlar dehqonchilik bilan shugʻullanmagan.
2017-yilda davlatimiz rahbari tumanga kelib, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaqonli qondirish yuzasidan amaliy tashabbusni boshlab bergandi. Foydalanilmagan yerlarda yongʻoqzor, uzum va bodom bogʻlari tashkil etishga kirishilgan edi.
«Oʻzagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, pandemiya sharoitida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, tumanning eksport salohiyatini oshirish maqsadida Rossiyadan 21 ta burgʻulash texnikalari keltirilib, 330 metrgacha yer ostidan suv chiqarishga erishildi.
Tumandagi “Nihol maysazori” fermer xoʻjaligi tomonidan ham 4 ta artezian qudugʻi orqali suv chiqarildi. Ayni kunlarda bu yerda 35 gektar yerga uzumzor barpo etilgan boʻlib, ekin maydonlari tomchilatib sugʻorilmoqda. Fermer xoʻjaligi tashabbusi bilan uzum qator oralariga sabzavot va poliz ekinlari bilan birga ilk bor kartoshka ekilgan boʻlib, hozircha rivoji ancha yaxshi.
Yana bir gap. Tuman hokimligining saʼy-harakati bilan Namangan viloyatining Chust tumani dehqonlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilda Namangandan 150 dan ortiq oila kelib, fermerlar bilan birga ishlamoqda. Tok qator oralarida sabzavot va poliz ekinlari parvarishlab, plyonka ostida ham qovun-tarvuz yetishtirish mumkinligini amalda isbotlashmoqda.
Koʻrilgan tadbirlar samarasi oʻlaroq hademay qaqragan choʻlda ham kishining havasini keltiradigan bogʻ-rogʻlar barpo etilib, qovun-tarvuz, kartoshka, meva-sabzavot mahsulotlari dasturxonimiz koʻrkiga aylansa ajab emas.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring