Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarni yanada qo‘llash orqali investitsiya va ishbilarmonlik muhiti yaxshilanadi
Foto: “Xalq so‘zi”
Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, investitsiya jalb qilish imkoniyatini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati yuzaga kelmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2028-yil 1-yanvarga qadar 50 foizga kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar darajasida 6 baravarga kamaytirilmoqda hamda yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilanmoqda.

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) konsullik yig‘imini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun undiriladigan davlat bojini to‘lashdan 2027-yil 1-oktabrga qadar ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, nodavlat ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring