Qorakoʻlda tayyorlangan mahsulotning AQSH da ham bozori chaqqon

12:09 08 Aprel 2026 Jamiyat
229 0

Gap Buxoro viloyatining chekka tumanlaridan sanalgan Qorakoʻlda ishlab chiqarilayotgan sport libosi (futbolka) haqida bormoqda.

“Xoʻjalar” kichik sanoat zonasi hududida faoliyat yuritayotgan “PARVOZ FAYZ PLUS BARAKA” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanayotgan bu mahsulot oʻzining havo oʻtkazuvchanligi, yengilligi bilan ajralib turadi. Xaridor esa odatda, aynan shunday sifatli va kiyib yurishga qulay, nisbatan arzon mahsulotni tanlaydi. Korxona tadbirkorlari AQSH bozorini sinchiklab oʻrganish orqali bunday libosga yiliga 100 million dollar miqdorida talab borligini aniqladilar. Pirovardida “PARVOZ FAYZ PLUS BARAKA” megapolis shahar – Nyu Yorkda savdo uyini ochdi. Ayni paytda korxonaning “HAJ TEX” brendi ostida tayyorlayotgan sport libosi shu savdo shoxobchasi orqali sotuvga chiqarilmoqda.

Atigi bir yil muqaddam ish boshlagan mazkur korxona bank tomonidan ajratilgan 4,5 milliard soʻm miqdoridagi kredit mablagʻidan samarali foydalanib, sexlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlab raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Izlanish esa unga tashqi bozordan oʻz oʻrnini topish imkonini yuzaga keltirmoqda. Korxonada 400 tadan ziyod ish oʻrni yaratilgani ham eʼtiborga molik.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер