Qoʻqonning turizm koʻchalari: koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyot mezonlari mushtarakligi

10:12 17 Mart 2026 Jamiyat
173 0

Qoʻqon shahrida “Turizm koʻchalari” loyihasi doirasida amaliy ishlarga kirishildi. Yangilanish va oʻzgarishlar jarayonida ushbu koʻchalarda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda tabiiy hamda ekologik jihatdan toza mahalliy qurilish mahsulotlaridan foydalanishga ustuvorlik beriladi

— Bu tashabbus ushbu koʻchalar infratuzilmasini zamonaviy mezonlar asosida yangilash bilan birga, qurilish sohasidagi milliy-meʼmoriy anʼanalarni asrash imkonini beradi, — deydi Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov. — Shu maqsadda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni oʻzaro muvofiqlashtirib borish uchun shahar hokimligi huzuridagi maxsus shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shtabda jamlangan malakali mutaxassislar tomonidan har bir jarayon sifat, xavfsizlik va ekologik barqarorlik mezonlariga mosligi taʼminlanadi.

Natijada qurilish ishlari davomida toʻliq atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, energiya tejamkor hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib beriladigan mahsulotlardan foydalaniladi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Qoʻqonning tarixiy qiyofasini saqlagan holda, sayyohlar uchun qulay va jozibador muhit yaratishga qaratilgan. Bu borada ekologik toza materiallardan foydalanish nafaqat qurilish sifatini oshiradi, balki hududning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Kuni kecha “Turizm koʻchalari” loyihasi boʻyicha ishlar boshlanayotgan shahardagi “Yangi Chorsu” MFY ahli bilan yuzma-yuz muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda mahalla kesimida ishlab chiqilgan reja va loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Unda mahallaning boʻlajak arxitektura qiyofasi, koʻcha va xonadonlarning tashqi koʻrinishi, sayyohlar uchun yaratiladigan infratuzilma hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taqdimot davomida mahallaning tarixiy ruhini saqlab qolgan holda zamonaviy qulayliklar yaratish, milliy uslubdagi fasadlar, hunarmandchilik burchaklari, oilaviy mehmon uylari hamda sayyohlar uchun fotosessiya hududlari tashkil etish kabi ishlar rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv interaktiv tarzda oʻtkazilib, mahalla ahli oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi va takliflar kiritdi. Ayniqsa, mahallaning turistik jozibadorligini oshirish, mahalliy aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Aytish joiz, bugungi kunda Qoʻqon shahrida 64 ta madaniy meros obyektlari mavjud. Koʻhna kentda yangi turizm marshrutlarini ishlab chiqish orqali har yili 250 ming nafar sayyoh etish hamda yillik turizm eksporti hajmini 100 million dollardan oshirish rejalashtirilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер