Qoʻqonda oʻquvchilarning tadbirkorlik koʻnikmalari shakllantirilmoqda
Maʼlumki, Qoʻqon shahri azaldan nafaqat adabiyot, madaniyat va sanʼat maskani, balki tadbirkorlik yaxshi rivojlangan fayzli zamin sifatida ham yetti iqlimda mashhur. Bugungi kunda ham koʻhna kentda tadbirkorlik, hunarmandchilik yaxshi rivojlangan boʻlib, ezgu anʼanalar tobora sayqallanib bormoqda.
Qoʻqon shahar hokimiligi tashabbusi bilan shahardagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida hunarmandchilik ustaxonalarini qoʻshimcha jihozlar va koʻrgazmali materiallar bilan taʼminlash hamda oʻquvchi yoshlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar ana shu jihatlari bilan ham eʼtiborga sazovordir.
Xususan, bevosita shahar hokimligi koʻmagida 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga sartaroshlik ustaxonasi uchun jihozlar va atir-upalar, pishiriq tayyorlashga moʻljallangan kasb-hunar xonasi uchun oshxona mebeli, idish- tovoqlar, mahsulot tayyorlash uskunalari, tikuvchilik ustaxonasi uchun dazmol hamda materiallar hamda ingliz tili xonasiga soʻnggi rusumdagi axborot texnologiyalari keltirildi.

— Tajriba tariqasida 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabida kasb-hunar ustaxonalarini qayta jihozlash uchun 150 million soʻm mablagʻ sarflandi, — deydi Qoʻqon shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Ulugʻbek Norboyev. — Oʻz navbatida oʻquvchilar daromadli kasb va hunarlarni oʻrganishi uchun sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga biriktirildi.
Shu tariqa endilikda maktab oʻquvchilari tayyorlayotgan mahsulotlar sifati va arzonligi bois Qoʻqon shahrida joylashgan bozorlarda tobora xaridorgir boʻlib borayotir.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad maktab bitiruvchilarini katta hayotga tayyorlash va shu orqali tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring