Qoʻqon universiteti nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi
Bugun Qoʻqon universitetida Finlyandiyaning “SkillGrower” kompaniyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Fanlar akademiyasining V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hamda Qoʻqon shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda “Yosh avlodning matematik bilim va koʻnikmalarini taʼlim platformalari va sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalari orqali rivojlantirish istiqbollari” mavzusida vebinar-trening boʻlib oʻtdi.
Barkamol avlodning matematik bilimlarini zamonaviy onlayn platformalar va sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali yanada kuchaytirish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida oʻtkazilgan vebinarda Qoʻqon shahar xalq taʼlimi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablari direktorlari, matematika fani oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Vebinar-treningda spiker – “SkillGrower” kompaniyasi asoschisi, 2019-yilda oʻtkazilgan “Eng yaxshi startap” tanlovi gʻolibi, xalqaro darajadagi matematik Pasi Savola “SkillGrower platformasining imkoniyatlari, undan foydalanishning usul va vositalari” mavzusida, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori oʻrinbosari, tarjimonlar ishchi guruhi rahbari Gʻolibjon Botirov “SkillGrower platformasidan Oʻzbekiston sharoitida foydalanish va uning implementatsiyasini amalga oshirish yoʻllari” mavzusida taqdimot oʻtkazdilar. Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev “Ijtimoiy yoʻnaltirilgan biznes loyihaning kelajakdagi imkoniyatlari” xususida batafsil maʼlumot berdi.
Qoʻqon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafaqulovning taʼkidlashicha, kelajakda ushbu platformani amaliyotga keng tatbiq etish orqali nafaqat matematika oʻqituvchilari, balki ota-onalar ham farzandlarining matematik bilimini kuzatib borishi, keng va mantiqiy jihatdan mushohada etish qobiliyatining rivojlanishini monitoring qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.
– Qoʻqon shahridagi 32-umumiy oʻrta taʼlim maktabida amaliyot oʻtash jarayonida ushbu taʼlim platformasining afzalliklarini his etdim,– deydi Qoʻqon universitetining iqtisodiyot fakulteti birinchi bosqich talabasi Anora Temirova. – Haqiqatan ham bu dastur oʻquvchilarni matematika olamiga yanada kengroq qiziqtirishda katta samara berishiga ishonaman.
Maʼlumot oʻrnida aytish oʻrinliki, “SkillGrower” platformasi 4-18 yoshdagi oʻquvchilarga moʻljallangan boʻlib, matematikani oʻrganish uchun oson, qiziqarli va kuchli dastur hisoblanadi. Oʻzbekiston taʼlim tizimida oʻziga xos yangilik boʻlgan ushbu platforma ishonchli bilimlar sinovi, samarali va ragʻbatlantiruvchi vosita sifatida eʼtirof etiladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring