Qoʻqon shahrida yil davomida mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlikka yoʻnaltirildi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona viloyatida xotin-qizlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, kasb-hunar oʻrganishlari uchun shart-sharoit yaratish, oʻz salohiyati va layoqati bilan oilada ham, jamiyatda ham munosib oʻrin topishlari uchun koʻmaklashish, shu orqali “Ayollar daftari”dagi opa-singillarimiz safini kamaytirib borish chora-tadbirlari keng koʻlam kasb etmoqda. Jumladan, birgina Qoʻqon shahrining oʻzida shu yilning oʻtgan davrida mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlikka jalb qilinib, buning uchun 6 milliard soʻmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.
Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkor Vasilaxon Farmonova ham endilikda faoliyat koʻlamini rivojlantirish uchun istiqbolli biznes-rejalariga ega. Yaqinda yosh tadbirkor imtiyozli kredit evaziga kerakli uskunalar sotib olib, “Vanilla” pazandachilik oʻquv markazini tashkil etgan edi.
– Yurtimizda soʻnggi yillarda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida quvonarli oʻzgarishlarni, natijalarni oʻz hayotimiz misolida koʻrmoqdamiz, - deydi Vasilaxon Farmonova. – Berilayotgan bu imkoniyatlardan, eʼtibor va ragʻbatdan ruhlanib, men ham oʻz biznesimni yoʻlga qoʻydim. Boshlanishi yomon emas. Nasib boʻlsa, ishlab chiqarishni kengaytirib, oʻnlab tengdoshlarimni ish bilan taʼminlashni niyat qilib turibman.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring