Qopdagi “marixuana”
Joriy yilning 28-avgustdan 29-avgustga oʻtar kechasi ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Ohangaron shahar hududida “Qoradori-2020” tadbiri oʻtkazildi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar beradi.
Tadbir jarayonida shubhali koʻringan «Vaz 21013» rusumli avtoulov toʻxtatildi. Uni boshqarib borayotgan 20 yoshli haydovchi J.A.ning ishtirokida avtoulov yukxonasi nazoratdan oʻtkazilganida, 1 dona oq rangli polimer qop ichida hoʻl holdagi, oʻtkir hidli, koʻkimtir rangli oʻsimlik barglari borligi aniqlangan.
Voqea joyidagi surishtiruvda ushbu qopdagi oʻsimliklar avtomashina salonida oʻtirgan, voyaga yetmagan fuqaro 17 yoshli K.M., ga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi.
Tezkor oʻtkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga koʻra, ashyoviy dalil sifatida olingan oʻsimliklar, tarkibida faol tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud boʻlgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi. Uning ogʻirligi 1 kg. 387 grammni tashkil etdi.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 2-qismi «a» bandi (giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring