Qonun ustuvorligi sari adliya tizimidagi oʻzgarishlar inson manfaatiga qay darajada xizmat qilyapti?
2025-yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida mamlakatimiz adliya tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va oldinda turgan vazifalar keng jamoatchilikka taqdim etildi. Tadbirda Adliya vaziri oʻrinbosari Noʻmon Muhammadiyev hamda Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshligʻi Maʼsum Hotamov ishtirok etib, tizimdagi oʻzgarishlarga atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
Hisobot davrida 258 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilgani adliya tizimi faolligini koʻrsatadi. Biroq eʼtiborli jihat aholidan talab qilinadigan 30 turdagi hujjat bekor qilingani boʻldi deyiladi tadbirda spikerlar tomonidan. Bu oddiy inson hayotida ortiqcha qogʻozbozlik qisqarayotganini anglatadi.
“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyilining joriy etilishi tadbirkorlik muhitini sezilarli darajada yengillashtirdi. Bir vaqtning oʻzida 7 ta xizmatning koʻrsatilishi vaqt tejalishi va byurokratiya qisqarishi demakdir. Shuningdek, 1600 ta majburiy talab bekor qilingani biznes uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.

“Tartibga solish gilyotinasi” orqali 738 ta eski hujjatning bekor qilinishi esa tizimda ortiqcha yukdan xalos boʻlishga qaratilgan jiddiy qadam sifatida baholanishi mumkin.
Yil davomida 1 milliondan ortiq huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan. Bu katta koʻrsatkich. Lekin asosiy savol shunda: bu tadbirlar odamlar hayotiga qanchalik taʼsir qildi?
Matbuot anjumanida masʼullarning taʼkidlashicha “Huquqiy mahalla” loyihasi bu savolga maʼlum darajada javob beradi. 1,8 million xonadon oʻrganilib, 1,1 million huquqiy muammo aniqlangan. Ularning 97 foizi hal etilgani tizimning manzilli ishlayotganini koʻrsatadi. 23 ming nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklangani esa raqam ortida inson taqdiri turganini eslatadi.
Sudlar orqali 229 milliard soʻm mablagʻ undirilgani ham adolat tiklanayotganini koʻrsatadi.

— Oʻtgan 2025-yilda 61 milliondan ortiq davlat xizmati koʻrsatilgan. Bu raqam tizimning qanchalik keng qamrovli ekanini anglatadi, — deydi vazir oʻrinbosari Noʻmon Muhammadiyev. — Ayniqsa, chekka hududlar uchun tashkil etilgan 1,1 million sayyor xizmat aholiga yaqinlashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xizmat koʻrsatish vaqti qisqargani ham ahamiyatli. Davlat xizmatlari markazlarida 10 daqiqadan 4 daqiqaga tushgan. Bu oddiy inson uchun katta qulaylik.
Tadbirda yana bir masala notariat sohasida hujjatlar hajmining 95 foizga qisqargani alohida taʼkidlandi. Bu islohotlarning eng sezilarli natijalaridan biri. 299 mingdan ortiq onlayn notarial harakat amalga oshirilgani raqamlashtirish samarasini koʻrsatadi. “Lex AI” platformasining joriy etilishi esa adliya tizimida sunʼiy intellekt imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlik kuchayib, Koreya Respublikasi bilan amalga oshirilayotgan 9,7 million dollarlik loyiha soha rivoji uchun muhim qadam boʻlmoqda.

Yuridik taʼlimda “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq” kabi yangi yoʻnalishlarning ochilishi kelajakda zamonaviy kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. 227 ta maktabda “Huquq sinflari” tashkil etilgani esa huquqiy madaniyatni erta shakllantirishga qaratilgan.
Adliya tizimidagi oʻzgarishlar raqamlarda juda taʼsirli koʻrinadi. Qonunlar soddalashmoqda, xizmatlar tezlashmoqda, raqamlashtirish kengaymoqda. Lekin asosiy mezon — bu islohotlarning inson hayotiga taʼsiri.
“Huquqiy mahalla” kabi loyihalar shu nuqtayi nazardan eng samarali tashabbuslardan biri boʻlib koʻrinadi. Chunki u muammoni joyida aniqlab, joyida hal qilishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, huquqiy targʻibot tadbirlarining samaradorligini yanada chuqur tahlil qilish zarur. Chunki haqiqiy oʻzgarish inson ongida boshlanadi.
2025-yil adliya tizimi uchun faol islohotlar davri boʻldi. Qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlida muhim qadamlar tashlandi. Endigi bosqich bu islohotlarning barqarorligini taʼminlash va har bir fuqaro ularning natijasini oʻz hayotida his qilishiga erishishdir.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring