Qonun rad etildi
Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama oʻrganib chiqilgandan soʻng, senatorlar hujjatni tamomila qayta koʻrib chiqish zarur degan xulosaga keldi.
Gap shundaki, qonunda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan yangi “gʻayriixtiyoriy davolash” toʻgʻrisidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagan hamda majburiy davolash tushunchasi bilan oʻrtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgan.
Shuningdek, psixoaktiv moddalar taʼsirida mastlik holatida maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun majburiy va gʻayriixtiyoriy tarzda davolash uchun alohida asoslar va mexanizmlarni ishlab chiqish lozim deb topildi.
Bundan tashqari, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda narkalogiya muassasasiga yotqizish uchun sudga ariza berish tartibida ham kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Shuningdek, ariza bilan sudga murojaat qilinganda davlat bojining toʻlanishi yoki undan ozod qilinishi, umuman olganda davlat boji kim tomonidan toʻlanishiga aniqlik kiritilmagan.
Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining ahamiyati eʼtiborga olinib, senatorlar qonunni qayta koʻrib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisobladilar.
Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring