Qonun loyihasi deputatlar taklifi asosida maromiga yetkazildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining tarmoqlarini isloh qilish doirasida moliyaviy ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, budjet jarayoni ochiqligini ta’minlash, soliq yukini kamaytirishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Muhokamalar jarayonida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangani va 2024 yil uchun davlat budjeti loyihasida ham bu sohalarga katta e’tibor qaratilgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi. Xususan, qonun loyihasida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu sohalar xarajatlari 2024 yilda mos ravishda 69,1 trln.so‘m va 33,4 trln.so‘mni tashkil qilgan.
Aholi salomatligi – ulkan boylik, jamiyatning barqaror rivojlanishi garovidir. Partiya aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish, sog‘liqni saqlash tizimini qayta shakllantirishni davom ettirish tarafdori.
Yig‘ilishda deputatlar partiya pozitsiyasidan kelib chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘larni sarflashda Respublikaning chekka, borish qiyin bo‘lgan har bir qishloq hududida aholi sonidan qa’tiy nazar alohida tibbiyot muassasasi faoliyatini tashkil qilish ishlarini yakunlash lozimligini qayd etdilar.
Shuningdek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olinganini, ular asosida hujjat matni takomiliga yetkazilganini hisobga olgan holda, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.
Fraksiya yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorovga “Banklarni transformatsiyalash jarayonini tezlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yakunda yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring