Qonun Konstitutsiyaviy sud raisi haqida nima deydi?

21:33 05 Sentyabr 2020 Siyosat
2865 0

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Baxtiyor Mirboboyevning Konstitutsiyaviy sud raisi lavozimini qonunni buzgan holda egallab turganligi toʻgʻrisidagi ayrim maqolalar koʻpchilikda notoʻgʻri fikrlarni shakllantirmoqda. Ushbu materiallarda 2017-yil 31-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi roʻkach qilinib, unga koʻra Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi 70 yoshni tashkil etsa-da, B.Mirboboyev 75 yoshga toʻlganligi koʻrsatilgan.

Bundan tashqari maqolalar mualliflari qonunda ushbu sud raisligiga ikki martadan ortiq saylanish mumkin emasligi belgilangan boʻlishiga qaramasdan B.Mirboboyev 5-marta saylanganligini qonun buzilishi sifatida baholashmoqda.

Shu munosabat bilan, eʼtiborni quyidagilarga qaratish maqsadga boʻlar edi.

Birinchidan, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 6-moddasida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida yetmish yoshni tashkil etishi belgilangan. Oddiy soʻzlar bilan aytganda yetmish yoshgacha boʻlgan va undan oshgan fuqaro Konstitutsiyaviy sudning sudyasi boʻlishi mumkin. Qonunlarda “qoida tariqasida” soʻzlarining qoʻllanilishi bu imperativ xarakterga ega emasligini anglatadi va qonunlar matnlarini bayon etishda qoʻllaniladigan qonunchilik texnikasi shakllaridan biridir.

Ikkinchidan, muqaddam B.Mirboboyev konstitutsiyaviy sud tarkibiga oldin amalda boʻlgan qonun asosida saylangan boʻlib, unda 5 yillik muddat belgilangan, biroq qayta saylanish miqdori belgilanmagan edi. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Shu tariqa “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun 6-moddasining talablari 2017-yil

1-iyundan keyin saylangan Konstitutsiyaviy sud sudyalariga nisbatan tatbiq etiladi. 1995 – 2017-yillar davomida 5 yillik muddatga saylangan Konstitutsiyaviy sud sudyalariga nisbatan 2017-yildagi qonun bilan oʻrnatilgan taqiqlar qoʻllanilishi toʻgʻri boʻlmaydi.

Yangi qonun qabul qilingandan keyin B.Mirboboyev Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib 2017-yil 24-avgustda saylangan va uning vakolat muddati 2022-yil 24-avgustda tugaydi. Ushbu muddat tugagandan soʻng B.Mirboboyev ikkinchi besh yillik muddatga Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishiga nisbatan amaldagi qonunda taqiq mavjud emas.

Shunday qilib, Konstitutsiyaviy sudning amaldagi Raisi qonunga zid ravishda besh marta Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylanganligi toʻgʻrisidagi fikrlar asossiz boʻlib, qonunga toʻgʻri kelmaydi.

Xalqaro tajriba bu borada nima deydi? Masalan, Rossiya Federatsiyasida Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati cheklanmagan, sudyalik lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi esa — yetmish yosh. Biroq, bu talab Konstitutsiyaviy sud raisiga nisbatan tatbiq etilmaydi va amaldagi Konstitutsiyaviy sud raisi Zorkin Valeriy Dmitriyevich bugungi kunda 77 yoshga toʻlgan. Koʻpchilik sudyalarning yoshi esa 66 yoshdan yuqori.

Shuningdek, Fransiyada Konstitutsiyaviy sud raisi sifatida 74 yoshni qarshilagan Loran Fabius faoliyat yuritib kelmoqda, uning vakolat muddati esa 2025-yilgacha etib belgilangan. Avstriyada sudning barcha aʼzolari, jumladan raisi va oʻrinbosari isteʼfo yoshiga yetgunga qadar umrbod saylanadilar, Norvegiya va Maltada sud raisi umrbod saylanadi.

Maqolalar mualliflari “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi oʻn yillik muddatga va sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi toʻgʻrisidagi normalar kiritilganligidan xabardor boʻlishsa kerak.

Umuman olganda 2017-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun mutlaq yangi va eng demokratik xalqaro standartlarga mos keladigan Konstitutsiyaviy sudning shakllanishi va faoliyatining asoslarini belgilab berdi.

Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadi.

Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari esa Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanadi. Oddiy qilib aytganda rais kim boʻlishi sudyalarning oʻzlari tomonidan hal qilinadi.

2017-yildagi islohotlarga qadar Konstitutsiyaviy sud raisining nomzodi Prezident tomonidan taqdim etilar edi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari yana-da kengaytirilgan, shuningdek mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati ustidan nazorat olib borishi uchun bir qator demokratik mexanizmlar joriy etilgan.

Shuhrat POLVONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер