Qoʻngʻirotlik Matlyuba Utepova — “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”
Foto: “Xalq soʻzi”
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi —2023” kasbiy koʻrik-tanlovining respublika bosqichida qoraqalpogʻistonlik soha xodimlari ham faol ishtirok etishdi.
Qoʻngʻirot tumanidagi 1-maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Matlyuba Utepova tanlovning “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida gʻoliblikni egalladi.
— Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qoraqalpogʻistonda ham yosh avlodni har tomonlama bilimli va iqtidorli qilib tarbiyalash yoʻnalishida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi u. — Qoraqalpogʻistonda yangi-yangi bolalar bogʻchalari qurilmoqda, mavjudlari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanib, rekonstruksiya qilinmoqda. Taʼlim va tarbiya tizimiga interaktiv metodlar, bolalarga bilim berishning yangicha usullari keng joriy etilmoqda. Bolalarga taʼlim tarbiya berish ishiga oʻzim ham ijodiy yondashib, yangiliklarni joriy etishga harakat qildim. Tanlovda aynan shu yoʻnalishdagi faoliyatim va mehnatlarim natijasida nominatsiya boʻyicha gʻolib boʻldim. Albatta, bu yutuqni butun jamoamizga va qoraqalpogʻistonlik barcha faol tarbiyachilarga berilgan mukofot deb hisoblayman.
“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiya boʻyicha gʻoliblikni egallagan qoʻngʻirotlik Matlyuba Utepova tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va 12 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring