«Qizilqumsement» AJ: kecha va bugun

19:40 27 May 2022 Jamiyat
2092 0

Foto: Халқ сўзи

Koʻpchilik Navoiyda sement ishlab chiqarilishi tarixini Qizilqumda konchilik ishlari boshlanishi bilan bogʻlaydi. Aslida oʻtgan asrning 60- yillaridayoq hududda sement xom ashyosining boy zaxirasi aniqlanib, sanoat yoʻli bilan mahsulot ishlab chiqarishni oʻzlashtirish ishlariga kirishilgan edi.

Oradan qariyb oʻn yetti yil oʻtib, «Semzavod» ilk mahsulotini chiqara boshladi. 1977-yili mamlakat qurilish materiallari bozoriga kamtaringina ulush bilan kirib kelgan korxona bugungi kunda «Qizilqumsement» nomi ostida ushbu bozorda uchdan bir qismdan ziyod (9 million tonnaning 3,5 million tonnasi) hissaga ega. Shuningdek, 20 turdagi qurilish materiallari «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyati yoʻl-transport kommunikatsiya tarmoqlari orqali mamlakatimiz hududlaridan tashqari Markaziy Osiyo respublikalari hamda Afgʻoniston, Eron, Ozarbayjon kabi davlatlarga joʻnatilmoqda.

— Korxonamizda sement ishlab chiqarish “quruq usul”da amalga oshiriladi, — deydi «Qizilqumsement» AJ Bosh direktori Baxtiyor Umirzaqov. — Bu birinchi navbatda mahsulot sifati, pirovardida esa uning ham ichki, ham tashqi bozorda xaridorgirligi va raqobatbardoshligini taʼminlamoqda. Ayni kunlarda sement ishlab chiqarish 4-liniyasining qurilish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. Ushbu liniya ishga tushishi sement ishlab chiqarish hajmini 5,7 million tonnaga yetkazib, mahsulot tannarxi arzonlashishini taqdim etadi.

«Qizilqumsement» AJ oʻzining qariyb 45 yillik tarixida iqtisodiy inqirozlarni ham boshdan oʻtkazdi. Ayniqsa, oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari, oʻtish davri ogʻir kechib, 1991-yilda 2,7 million tonna sement ishlab chiqargan korxonada 1994-yilga kelib mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1,2 million tonnaga qadar tushib ketdi. Mazkur inqirozning tarixi tahlil etilar ekan, eng avvalo, korxonadagi aksariyat texnologiya ham texnik, ham maʼnan eskirganligi, shoʻro zamonidagi texnik-iqtisodiy munosabatlarning atayin bir-biriga bogʻlab qoʻyilganligi, ushbu aloqalar mustaqillikning dastlabki yillaridayoq chok-chokidan sitilib ketganligi asosiy sabablardan biri boʻlganini qayd etmoq joiz.

— Hatto olti-yetti oylab ish haqi ololmagan paytlarimiz boʻldi, — deydi korxona maydalash sexi boshligʻi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Husniddin Ortiqov. — Ishchi-xizmatchilarning hafsalasi pir boʻlib, koʻplab tajribali muhandis mutaxassislar boshqa korxonalarga ishga oʻtib ketishdi.

Texnologik yangilanishlar, mulkchilik shakli oʻzgarishi, sifatda xalqaro standartlarning joriy etilishi natijasida korxonada 2001-yilga kelib mahsulot ishlab chiqarish hajmi osha boshladi. Oʻsha yili 1,5 mln. tonnadan ziyod sement mahsuloti ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2004-yilga kelib bu raqam 2,5 mln. tonnaga yetkazildi. 2008-yilda esa 3 mln. tonnalik dovon zabt etildi. 2016-yilda buyon 3,5 mln. tonnadan oshiq sement mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

— Bugungi kunda korxonamizda 3,5 ming kishi mehnat qilmoqda. Yana ishga kirish istagini bildirgan kishilar qariyb ming nafarni tashkil etadi, — deydi AJning xodimlar va ijtimoiy masalalar boʻyicha direktori Akmal Ergashev. — Aksariyati tajribali, yaʼni bizning malakali mutaxassislarni tanlash imkoniyatimiz oshdi. Koʻpchilikning korxonamizga ishga kirish istagiga kelsak, asosiy sabab ish haqining yuqoriligi va ishchi-xizmatchilar ijtimoiy muhofazasining bugungi kun talablari asosida yoʻlga qoʻyilganligi bilan bogʻliq.

Xullas, «Qizilqumsement» AJning tashvishli kunlari ortda qolib, korxona nainki mamlakat, balki Markaziy Osiyoning sement ishlab chiqarishda tengsiz quvvatlaridan biri hisoblanadi. Boshqacha aytganda, qariyb qirq besh yillik tarixga ega korxona mustaqillikning oʻtgan oʻttiz yilida deyarli yangidan yaratildi, desak mubolagʻa emas. Ushbu tarix korxona va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi hamkorligida nashrga tayyorlangan “Qizilqumsement” AJ: kecha va bugun» kitobida atroflicha oʻz ifodasini topgan.

Mazkur kitobning korxonada oʻtkazilgan taqdimot marosimida soʻzga chiqqanlar zavodning oyoqqa turishida har bir ishchi-muhandisning munosib ulushi borligini taʼkidladilar. Mamlakatimizda qurilish va bunyodkorlik ishlari koʻlamining kun sayin oshishi esa qizilqumlik sementchilar oldiga yangi dovonlarni qoʻyaveradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер