Qizilqumning xushnud bahori

21:24 15 Aprel 2022 Jamiyat
1064 0

Foto: Халқ сўзи

Qizilqumga koʻklam yana oʻz sepini yoyib, chor-atrof ajib bir goʻzallikka burkangan. Darakchi gullar bahoriy epkinlardan mayin tebranib, oftobning xiyla taftsiz nurlarida ming tus jilo bilan poyandoz boʻladi.

Inson harchand urinmasin, choʻlda bundayin xushmanzarani atay yaratishi mushkul. Bu shu qumliklarga mehr qoʻyib, Vatan bilgan, shu yerlarda mehnat qilib, saratonining jaziramasiyu qishining rutubatini nazariga ilmagan kishilar, choʻponu choʻliqlar va ularning oila aʼzolariga ona tabiatning har yilgi koʻklam sovgʻasidir. Va tabiatgina ular qalbiga sabr- qanoat, Vatanni boricha sevish, ota kasbini ulugʻlash kabi hislarni joylashga qodir.

Yaxshilik sharofati

Qizilqum kengliklarida Navoiy viloyati aholisining oʻndan bir qismigina istiqomat qiladi. Choʻl esa viloyat hududining oʻndan toʻqqiz foizidan koʻprogʻini egallagan.

Iqlimi oʻta kontinental – saratonda issiq ellik darajadan oshsa, qish chillasida harorat har necha vaqtda - 25 darajaga qadar tushib ketadi. Shu bois mamlakatimiz rahbari 2017-yili qizilqumliklar bilan uchrashganida mazkur biyobonlarda yashashning oʻzi qahramonlik, deya taʼriflab, uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni samarali hal etish, rivojlantirishdagi nomutanosibliklarga barham berish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini taraqqiy ettirish, aholining farovonligini oshirish, zamon talablariga munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandligini taʼminlashdek majmuaviy vazifalarni belgilagan edi. Mutasaddilarga hududda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari - yoʻl, transport kommunikatsiyasi, aloqa tarmogʻi, energetika va boshqa hayotiy ehtiyojlari taʼminotini doimiy nazoratga olish topshiriqlarini bergandi.

Shu asosda bugun Uchquduq tumanida yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar izchillik bilan bartaraf etilib, aholi bandligini taʼminlash, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari qamrovini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

— Ovullarimizda yigirma yil ichida biror bir imorat tiklanganini eslay olmayman, — deydi uchquduqlik oqsoqol Abdulla Kerimboyev. — Buzilsa-buzildiki, bir gʻisht qoʻyilgan emas. Mana, bugun qarang, bir ovulda yigirma-yigirma besh tashkilot ishlayapti. Har bir qarich yer obodonlashtirilyapti. Bularning barisi Prezidentimiz tashrifining sharofati bilan boʻlmoqda.

Baxtda barcha barobar

Juzquduq ovuli tuman markazi – Uchquduq shahridan 65 kilometr sharqda joylashgan. “Obod qishloq” dasturi doirasida unga eltuvchi yoʻl taʼmirlanib, ovulning ichki yoʻllari asfaltlashtirildi. Shuningdek, qishloqdagi 2-sonli umumtaʼlim maktabi hamda maktabgacha taʼlim muassasasi filiali zamonaviy loyiha asosida bunyod etilib, qishloq vrachlik punkti kapital taʼmirlandi. Sal ichkarida esa eski bogʻcha binosi olti oilaga uy-joy uchun moslashtirilib, koʻrkam koʻrinishga ega boʻldi.

— Har yili ovuldoshlarimizdan kimdir koʻchib ketar, ularning uy-joylari buzilib sotilar edi, — deydi “Juzquduq” ovul fuqarolar yigʻini raisi Mayramgul Jolgʻasboyeva. — Mana, uch yildan beri hech kim koʻchgani yoʻq. Koʻrib turibsiz, odamlarimiz uy-joylarini taʼmirlab, obodonlashtirishdi. Bu qishloqdoshlarimizda ertangi kunga ishonchi ortgani, davlatimiz koʻrsatayotgan gʻamxoʻrlik tufayli ularning barcha hayotiy muammolari bartaraf etilayotganidan dalolat.

Raisning eʼtirofida zarracha mubolagʻa yoʻq. Boisi shu paytga qadar bu yerlarga taraqqiyot yutuqlaridan faqat elektr energiyasigina keltirilgan edi. Bugun Juzquduqda 12 kanalli raqamli televideniye qabuli va tarqatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Uzoq yillar amalda boʻlgan ratsiya aloqasi oʻrnini zamonaviy mobil aloqa tarmogʻi egalladi. Natijada ovul Internetga, maktab esa “ZiyoNet” tarmogʻiga ulandi. Darvoqe, ovulda foydalanishga topshirilgan maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari mebelidan tortib oʻquv jihozlarigacha, oʻyinchogʻidan idish tovogʻigacha toʻliq yangilandi. Qishloq vrachlik punkti esa ultratovush tekshiruvi apparati hamda zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi.

Mazkur muassasalarni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbarining tegishli qarorida koʻzda tutilgan imtiyozlarning qoʻllanishi maktabga toʻrt, QVPga ikki, MTMga bir nafar oliy maʼlumotli mutaxassis chetdan ishga kelishi, qishloqdagi oilalar soni toʻrttaga oshishiga imkon berdi.

Zamonaviy qulayliklar yaqinlashdi

Uchquduq tumani “Qulquduq” ovulidan oʻz tashvishiga yechim istab chiqqan fuqaro Navoiy viloyat markaziga kelib-ketish uchun qariyb 800 kilometr yoʻl bosib, kamida uch kun vaqt va 150-200 ming soʻmcha mablagʻ sarflashi lozim.

— Birgina misol, — deydi “Qulquduq” OFY raisi Seyit Yusupov. — Hududimizda istiqomat qilayotgan yoshlar oila qurishdan oldin OITS laboratoriyasi tahlilidan oʻtish uchun Navoiy shahriga borib kelar edi. Mana, hozir shunday laboratoriya Zarafshon shahrida ishlab turibdi. Yoki boʻlmasa, skrining tahlilini olaylik. Mobil davlat xizmatlari ham shunday yoʻlga qoʻyildi. Yana bir gap, ilgari ovullarda vrach, oʻqituvchi yetishmasdi. Sharoit va imtiyoz berilgan edi, ular ham keldi.

“Obod qishloq” dastur doirasida Qulquduqda aholining 134 ta xonadoni, bir maktab, bogʻcha va ovul shifoxonasi toʻliq taʼmirlanib, mahalla guzari, sport maydoni, bolalar oʻyin maydoni hamda hammom yangidan qurildi. Shuningdek, ovulga eltuvchi va ovul ichi yoʻllaridan 21,7 kilometr avtomobil yoʻllari, 5,5 kilometrlik ichimlik suvi, elektr energiyasi taʼminotida esa 15,7 kilometrlik tarmoqda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Aholining gaz taʼminotidagi ehtiyojlari esa toʻliq oʻrganilib, qoʻshimcha gaz ballon hamda gaz plitalari tarqatildi.

— Uchquduq tumanida 8 ta mahallaga suyultirilgan gaz taʼminoti yoʻlga qoʻyilgan, — deydi “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. — Joriy yilning birinchi choragida isteʼmolchilarga 92 tonna 640 kg suyultirilgan gaz yetkazildi. 2021-yilda tumanning olis ovullaridagi barcha isteʼmolchilarning taʼminoti avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazilib, xarid uchun ID-kartalar berildi.

Raqobat va rivojlanish

Qizilqumda aholi bandligi har doim dolzarb masala boʻlib kelgan. Hudud xom ashyo resurslariga boy boʻlsada transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan olisligi sabab ushbu kengliklarda kichik ishlab chiqarishga asoslangan tadbirkorlik rivoj topmas edi. Prezidentimizning 2017-yil 29-sentyabrdagi “ Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanining olis choʻl hududlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bu muammolarga qaysidir maʼnoda barham berdi. Mazkur hududlarda mavjud tabiiy xom ashyo, mehnat va ishlab chiqarish zaxiralarini jalb qilgan holda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish rivojlanmoqda. Misol uchun, Uchquduqda ish boshlagan “Green group Uchquduq” xususiy korxonasi yengil sanoat mahsulotlari chiqindilaridan dekorativ gips (devor bezaklari) ishlab chiqarishga ixtisoslashib, hududda raqobat muhitini yaratdi.

— Tumanimizning investitsion jozibadorligi ortib, hududda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda, — deydi Uchquduq tumani hokimi oʻrinbosari Otabek Ramazonov. — Yuzlab tadbirkorlarimizdan tashqari respublikamizning turli hududlaridan oʻnga yaqin yuridik maqomdagi subyektlar tumanimizda ish boshlaganligi eʼtiborga molik. Mazkur korxonalar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish ichki isteʼmol bozorimizda sogʻlom raqobat muhitini yaratib, narx-navo arzonlashishi va barqarorligida ham aks etmoqda. Masalan, “Ishonch Feruz” MCHJ tomonidan shlakoblok va profnastil shifer ishlab chiqarishning oʻzlashtirilishi (ilgari Zarafshon va Navoiy shahridan keltirilgan) mazkur mahsulotlarning narxini 10-15 foizga qadar arzonlashtirdi.

Taʼkidlash joizki, mazkur tadbirlar, eng avvalo, yangi ish oʻrinlari yaratilishida muhim omil boʻlmoqda.

Qizilqumliklar mamlakatimiz va oʻzlari hayotidagi soʻnggi yangilanishlarni tabiatning uygʻonishi, koʻklamning inoyatiga oʻxshatishadi. Boisi koʻklam choʻlga har safar olam-olam quvonch olib keladi.U bahorning barcha bayram shodliklariga uygʻunlashib, qishdan horigan dillarga ajib bir xushnudlik baxshida etadi. Tonglar betakror, olam munavvar ekanligini koʻz-koʻz etib, biyday choʻldan goʻzallik topayotgan dilbar koʻngillarni togʻdek koʻtaradi. Shu goʻzallik ardogʻida ona yurtga muhabbat gohi ayon, gohi pinhon ulgʻayadi, ulgʻayaveradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер