Qizilqumda kaltaminorliklar madaniyati 900 ming yilga ulgʻaydi
Qizilqum tomon yoʻlingiz tushsa, Konimexdan oʻtishingiz bilanoq yaydoq adirliklar boshlanadi. Ushbu kengliklarni ikkiga boʻlib borayotgan yoʻl oʻz yoʻnalishida goʻyo varrak ipidek osmonga tortilgan tuyulsa-da, qir oshgan sayin choʻl bagʻriga singib boraverasiz. Ayniqsa, Qoraqata chorrahasidan oʻtgach, Qizilqum fosforit majmuasi atrofida buni sinchkov kishi oddiy nigohi bilan ham ilgʻashi mumkin.
Ushbu kengliklarni Jeroy Sardara botigʻi deb ataydilar. Dengiz sathidan salkam 500 metr chuqurlikda. 95-100 million yil avval bu yerlar Tetis dengizining eng chuqur joyi hisoblangan. Shu atrofdagi fosforit karyeridan konchilar topgan akula va boshqa nahanglarning suyak va tish qoldiqlari bunga dalil.
Mazkur ashyolar bugungi kunda Zarafshon shahridagi oʻlkashunoslik muzeyida saqlanmoqda. Darvoqe muzeyning bebaho eksponatlari - arxeologik topilma, geologik izlanish va tadqiqotlar choʻl oʻtmishda mutlaqo boshqa dunyo boʻlganligidan dalolat beradi. Aytaylik dinozavrning boldir suyagi noyob topilma hisoblansa, Zarafshon shahridan bor-yoʻgʻi uch-toʻrt kilometr naridagi petrogliflar hudud ikki-ikki yarim ming yil avval ham kishilik taraqqiyotining madaniy maskanlaridan biri boʻlgan degan faraz uygʻotadi. Shuningdek Uchquduq shahridan taxminan 130 kilometr olisda joylashgan Jiraquduq darasidagi «Toshoʻrmon»dan keltirilgan, toshga aylangan daraxt kundasi voha sersuv va goʻzal tabiatga ega boʻlganligining dalilidir. Ushbu ajoyib nabotot va hayvonot olami qayerga va qachon yoʻqolganligi xususida turli qarashlar mavjud. Shulardan ishonchlirogʻi bir necha million yil ilgari Mingbuloq botigʻiga meteorit kelib urilganligi haqidagi farazdir. Unga koʻra Tetis dengizi yoʻq boʻlib, oʻrnida Qizilqum choʻli paydo boʻlgan. Afsuski, Qizilqumning arxeologik tadqiq etilishi,yaqin-yaqinlargacha geologik tadqiqotlar darajasida ham emas edi.
Respublika Fanlar akademiyasining maʼlum qilishicha, yaqinda Milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti olimlari Qizilqum choʻlining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqogʻitma botigʻida neolit, Qorasigir botigʻi yaqinida paleolit davriga oid manzilgoh qoldiqlarini topishgan.
«Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va “JURU ENERGY CONSULTING” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti mutaxassislaridan tarkib topgan guruh Qizilqum choʻlining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqogʻitma botigʻi atrofida olib borayotgan tadqiqotlar davomida neolit davriga oid yangi neolit makonini topdi», deyiladi akademiya xabarida.
Oyoqogʻitma-2 nomi bilan atalgan ushbu makonda 370 ta tosh buyum, mikrofauna, oxra va gulxan qoldiqlari aniqlangan.
Shuningdek, Qorasigir botigʻi yaqinida paleolit davriga oid bir qator (7 ta punkt) yangi toshga ishlov berish ustaxonalari topilgan. Bu ustaxonalardan kulrang va jigarrangli kremniylardan hamda slaneslardan ishlangan koʻplab ishlov berilgan tosh buyumlar aniqlangan, arxeologlar uni texnik-tipologik jihatdan oʻrta paleolit davriga oid, deb hisoblashmoqda.
Maʼlumot uchun, Neolit davriga oid dunyoga mashhur Kaltaminor madaniyati ushbu choʻl hududidan topilib, Oyoqogʻitma botigʻining shimoliy chekkasidan Markaziy Osiyo neolitshunosligiga bebaho hissa boʻlib qoʻshilgan shu nomli makon topib oʻrganilgan. Oyoqogʻitma makoni Oʻzbekiston-Polsha-Fransiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan jahon standartlari darajasida tadqiq qilingan.
«Bu tadqiqotlardan olingan natijalar kaltaminorliklarning nafaqat ovchi va baliqchilar, balki tuya, qoramol va qoʻy-echkilarni xonakilashtirgan mohir chorvadorlar boʻlganliklarini ilmiy jihatdan isbotlab berish barobarida , ushbu madaniyatning xronologik sanasini yana 900 ming yilga , yaʼni eramizdan avvalgi 6300 ming yilliklarga qadimiylashtirdi», deyiladi akademiya xabari xulosasida.
Taʼkidlash joiz, Uchquduqdagi «Toshoʻrmon» deb ataluvchi noyob paleontologik muzey-qoʻriqxona bugun nafaqat yurtimiz, balki dunyo olimlarining katta qiziqishiga sabab boʻlayapti. Uning Tetis dengizi qirgʻoqlari bilan bogʻliq ekanligini ochiq osmon ostidagi “eksponat”lardan ham topish mumkin.
— Arxeolog olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar tufayli Jiraquduqdan topilgan suyaklar dengiz jonivorlariga tegishli ekanligi oʻz isbotini topdi, — deydi oʻlkashunos Ramazon Egamov. — Qolaversa, bugungi kunda ham hududda tosh qotgan chigʻanoqlar, daraxt kundasi va hatto, tosh qotgan mevalarini uchratish mumkin. Olimlarning taʼkidlashicha, «Toshoʻrmon»da yongʻoq, bodom, jiyda, shaftoli, olcha va shunga oʻxshash daraxtlar oʻsganini isbotlovchi dalillar bor.
Qariyb 200 gektar maydonni egallagan moʻjizaviy hududning ochilmagan siru sinoatlari hali koʻp. Davom etayotgan tadqiqotlar hali yangi-yangi natijalar berishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring