Qizilqum qizgʻaldogʻi
Foto: Халқ сўзи
Vatan manzaralari
Qizilqum. Aprelning oxiri va may oyi boshida mana shu cheksiz qumliklarning goh u burchida, goh bu burchida bosh koʻtargan, uzuq-yuluq – Oqtov, Qoratov, Balapan, Arslantov, Jalpaqtov etaklari, taʼbir joiz boʻlsa, qizil dengizga aylanadi. Millionlab qizgʻaldoqlardan poyonsiz gilam yoziladi. Qizgʻaldoqzorlar kun boʻyi bir necha bor turlanadi, quyosh chiqqanda tovlanadi, botayotganda misli yonadi - olovga aylanadi. Sahro bahor boshida gulshan boʻladi. Soʻngra yana asliga qaytadi.
... Yoshim oltmishdan oshib, Oʻzbekistonimizning barcha hududiga borgan boʻlsamda, Qizilqum ichkarisiga kirmagan edim. Bagʻrini yorib chiqqan Qizilqum, avval Zarafshon, keyin Uchquduq, narisi Boymurod va yana choʻlning olis kengliklaridagi odamzodning sanoqli qoʻnalgʻalariga eltuvchi yoʻldan yurmagandim. Bu yoʻl sizu biz oʻrgangan, atrofi dov-daraxt, bir-biriga ulanib ketguvchi shaharu qishloqlar, koʻm-koʻk ekinzorlar, shovullagan bogʻu rogʻlar kabi yoʻl manzaralaridan xoli. Daryolar, soylar, buloqlardan ham.
Navoiydan chiqqach, Zafarobod shaharchasidan 150 kilometrlik masofada yoʻl harakati xavfsizligi posti va uning atrofida bir-ikki savdo shoxobchasi borligini aytmasa, Zarafshon sari 250 kilometrlik yoʻl tegrasi butunlay yaydoq.

Bunda hayot va tabiat koʻzingizga saksovul, isiriq, kusuk, kovrak, jua, yulgʻun, yantoq kabi sahro ziroati, tuya, ot, qoʻy-echki singari choʻl hayvonoti timsolida koʻrinadi. Choʻlning «Jusan» nomli oʻsimligi ham bor. U misli rayhon kabi xushboʻy. Rayhondan farqi shuki, mazkur oʻsimlik tabiiy oʻsadi. Qizilqum ovullarida jusandan supurgi qilisharkan. Va u ham sarishtalik, ham yoqimli hid baxsh etarkan. Yana bir qimmatli jihati, jusan supurgisi qoʻllanilgan yoki ayni oʻsimlikning bogʻlami osilgan xonadonga qurt-qumursqa, hasharotlar yoʻlamas, yaʼni u tabiiy dezinfeksiya vositasi sanalarkan. Ajoyiba! Bularni menga konimexlik yosh jurnalist, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistri Guldana Narinbetova yoʻl-yoʻlakay aytib berdi. Qumliklarning qaysidir puchmogʻidagi Balaqaraq ovulida tugʻilgan mezbon – hamkasbimizning hikoya qilishicha, jusanning yantoq, saksovul, kungaboqar barglariga qoʻshib tayyorlangan dorisi koʻplab kasalliklarning oldini oladi va davolaydi. Ha, Qizilqumda ming yillar narisida ham odamlar yashagan va turmushning choʻlbop tamoyillarini yaratgan holda, oʻziga xos xalq tabobatini ishlab chiqqanlar.
Illo, Guldana aytadiki, bu tomonlarda qadimdan xalqona tibbiyot profilaktikasi qaror topgan. Kasalliklarning oldini olish va davolashning ushbu ham oddiy, ham murakkab usuli bir necha bosqichdan iboratligi esa juda ahamiyatli, nazarimizda.
Va shu oʻrinda aytish lozimki, ehtimol, zamonaviy tibbiyot vakillari oʻrgansa, qoʻllasa arziydigan jihatlar bordir unda. Mazkur ikki jarayonlik muolaja har yili qatʼiy tartibda bajariladi: iyulda qumga koʻmilish, oradan qirq kunni oʻtkazib, shu yerliklar talqinida maʼlum talablar asosida belgilangan chilla saqlangach, avgustda Lavli (Olovli) koni atrofidagi tabiiy issiq suv manbasiga choʻmilish.
Yana Qizilqum nabototining ayrim turlari tabiiy geolog vazifasini ham bajaradi. Gap shundaki, baʼzi oʻsimliklar oʻsgan joylar foydali maʼdanlar makoni ekanligi amalda isbotlangan.
Bunda cheksizlik osmon qadar koʻlamli. Nomi choʻl boʻlsada, unda ajib bir ulugʻvorlik, viqor mavjud.
Ichkarilab borar ekansiz, koʻngil kengayishini ham his qilasiz, Qizilqumning bagʻrikengligi qalbingizga oʻrnashadi, xayol esa uzoq oʻtmishga ketadi: “Bizku, isisak salqinlaydigan, sovuq qotsak iliq-issiq havo beradigan uchqur avtobusda ketyapmiz, ajdodlarimiz tuya va otda qanday safar qilishgan ekan bu kimsasiz yerlarda?”

Zarafshon shahriga borguncha onda –sonda kichik yoʻllarga burilishlar uchraydi. Demak, ular qaysidir ovulga eltadi.Ha, darvoqe, Konimex tumani hudud jihatidan mamlakatimizdagi eng katta va ayrim viloyatlarga tenglashadigan darajada boʻlsada, undagi aholi manzillari bir-biridan 50 -120 kilometrgacha yiroqda joylashgan. Yoʻlda uchragan tuya va boshqa chorvalar ana shu ovullarning qaysidir biridan oʻtlashga chiqqan. Qizigʻi, aql-idrokli odam adashishi mumkin boʻlgan choʻlda chorva mollari, agar ovulidan 30-40 kilometr uzoqlashib ketsada, oʻz qoʻrasini hech qiynalmay topib borar ekan. Yana Qizilqumda tuyaga alohida ehtirom koʻrsatiladi. Qadimdan saqlanib, avaylab-asrab kelinayotgan bu anʼana mohiyatida oʻziga xos hayot falsafasi bor. Tuya choʻl xonadoni, roʻzgʻori uchun toʻrt-besh vazifani bajaradi. Suti darmondoriga boy. Goʻshti quvvatbaxsh. Juni - issiq kiyim. Lekin tuyaga izzat –hurmat vajidan junidan faqat beldan yuqori uchun kiyimlar tikilar ekan. Deylik, paypoq toʻqib, oyoqosti qilish umuman mumkin emas. Asrlar osha insonning choʻl aro murakkab va mashaqqatli safarida eng ishonchli yoʻldoshi u. Qudugʻidan suv tortib beruvchi dastyor, uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qiluvchi ulov ham u.
“Agar tuyaning oq tuslisiga duch kelsangiz, ishonavering, tez orada boy- badavlat boʻlib ketasiz”, deydi qizilqumliklar. Oq, oppoq avtobusda yelib borar ekanmiz, borar manzilimiz- dunyoga mashhur Muruntov koni yodga tushib, negadir Qizilqumning oʻzini yelkasiga oltinu kumush toʻla sandiqlar ortmoqlagan ulkan oq tuyaga mengzadik. Va bu oʻxshatishning hayotiyligini Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 7- gidrometallurgiya zavodi va, albatta, kattaligi jihatidan jahonda birinchi oʻrinda turuvchi Muruntov koni karyerida koʻrdik. Konlardan qazib olingan oltinli rudada birinchi ishlovdan chiqqach ham, birmuncha tillo zarralari qolar ekan. Oʻtgan yili ishga tushirilgan 7-gidrometallurgiya zavodi ayni texnogen chiqindilarda qolgan oltinni ajratib olishga moʻljallangan. Zavod yaqinida 15 million tonna ana shunday xom ashyo bor. Jami yigʻilib qolgani esa 300 million tonnadan ham koʻp. Xullas, korxonaning uzoq yillar va uzluksiz ishlashi uchun zaxira yetarli. Xoʻsh, qachondir oltinli kon manbalari tugaydimi?

Navoiy shahridagi Navoiy kon –metallurgiya kombinati tarixi muzeyi direktori Salima Xoldorova yaqinda kombinat rahbariyati tashabbusi bilan ulugʻ ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning arab tilidagi asari oʻzbekchaga oʻgirilib, chop etilganini maʼlum qildi. Unda Beruniy bobomizning yozishicha, oltin hosil boʻlgan joylar asrab-avaylansa, ulardan rasamadi bilan maʼdan kovlab olinsa va bu boyliklar faqat ezgu maqsadlarga sarflansa, oʻsha hududda yana tillo paydo boʻlaveradi, xalq tilida aytganda, “bolalab”, oʻzidan koʻpayaveradi. Bilishimizcha, ushbu ilmiy bashorat hozirgi zamonaviy fanda ham isbotlangan. Maʼlumotlarda keltirishishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining kon va ishlab chiqarish manzillari yil sayin kengayib bormoqda. Hali yangi ochilgan konlar negizida yana bir necha zavodlar quriladi. Va Oʻzbekistonning oltin ishlab chiqarish salohiyati hozirgidan sezilarli darajada yanada yuksaladi.
Mubolagʻaga yoʻymasangiz, Muruntov - bu oltin qaynayotgan qozon. Bu qozonning mahobati shunchalikki, uning aylanma tushib-chiqish yoʻllarida harakatlanayotgan pahlavon «Belaz»lar, choʻmichida tonnalab rudani koʻtargan bahaybat ekskavatorlar tepadan qaralganda chumolidek mitti boʻlib koʻrinadi koʻzingizga. Konning chuqurligi 630 metrga yetgan. Kelgusida konchilar yerning 1080 metrigacha qaʼridan ham maʼdan kovlab olishni reja qilishgan. Geologik maʼlumotlarga koʻra, oltin 2000 metrgacha boʻlgan yer qatlamida mavjud boʻlar ekan. Ehtimol, kelajakda texnologik va texnik imkoniyatlarimiz yanada rivojlanib, ana shuncha uzoq chuqurlikda ham qazish ishlari yoʻlga qoʻyilar. Hech shubhasiz, shunday boʻladi. Bu fikrimizga mamlakatimizda geologiya, konchilik sohasiga boʻlgan yuksak eʼtibor, xususan, yaqinda Prezidentimiz qarori bilan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti tashkil etilgani yorqin dalolatdir.
Yurtimizning bir marta borib koʻrish kerak boʻlgan manzilu makonlari bisyor. Lekin ushbu yoʻnalishlarda Qizilqum va uning bagʻridagi choʻl marvaridi – Zarafshon bormikan, yo olisdagi Uchquduq –chi? Agar boʻlmasa, ichki sayyohlik xaritasiga Qizilqum sayohatini ham qoʻshish kerak. Toki yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar bu kengliklardagi matonatli mehnat samaralari, nomi va manzarasi choʻlu, lekin mamlakatimizni boʻstonga aylantirishga katta hissa qoʻshayotgan Qizilqum hayot va yaratuvchanlik qaynab-toshgan ajib bir makon ekanligini koʻrsinlar va faxrlansinlar., Qizilqum qizgʻaldoqlaridan hayratlansinlar.
Ha, darvoqe, nima boʻlganida ham, Qizilqum qizgʻaldoqlari huzuriga kimdir kelsa-kelmasa, har bahor ochilaveradi.Sahroning olisu ovloqlardagi yetim togʻlari etagida qisqa yashovchi shundayin gulshanlar borki, ularning husni jamolini kunduz quyosh, tunda oy va yulduzlar tomosha qiladi, xolos. Oypari qizning oʻzidan gulbargak taqib, bagʻrida sayr qilishini orzu qilgan ne-ne qizgʻaldoqlar armonda oʻtadilar. Ammo kelgusi bahorda yana intizor boʻlib qizil poyandozlar toʻshayveradi.
Ha, koʻklamoyning uzoq-uzoqlardagi nafis bezagiga hamma ham yetib boravermasada, choʻl chechagining malohati, nafosati olis-olislarda ham dovruq taratadi Muruntov oltini kabi. Yaʼni uning ham oʻz nomi bor “Qizilqum qizgʻaldogʻi” degan!
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring