“Qizil” – ogohlik va taʼqiq rangi

17:01 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
1113 0

Foto: Xalq so‘zi

BMTning tashabbusi bilan sayyoramizda yilning 30-noyabr kuni yoʻqolib ketgan hayvonot olami turlarini xotirlash kuni deb eʼlon qilingan. Boisi Butunjahon yovvoyi tabiat jamgʻarmasi ( “WWF”) bergan maʼlumotga koʻra har yili yuzlab jonivorlar turi butunlay yoʻq boʻlib ketmoqda. Mingga yaqin hayvon turlarining esa hatto suratlari ham saqlanib qolmagan.

Afsuski, aynan insonning ona tabiat, hayvonot olamiga shafqatsizligi tufayli, bir qator turdagi jonivorlarning butunlay yoʻq boʻlib ketishi hamon tahdid ostida qolmoqda. Ularni asrash, himoya qilish va koʻpaytirishni ragʻbatlantirish maqsadida oʻtgan asrning elliginchi yillarida “Qizil kitob” yaratilib, sayyoramizda yoʻqolib ketish havfi ostidagi hayvonot va nabotat olami turilari unga kiritilgan.

“Qizil” – ogohlik va taʼqiq rangi. Mamlakatimizda ham “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi” nashrga tayyorlanib, u bilan tanish boʻlish har bir yurtdoshimizning fuqarolik burchidir.

— Sababi ushbu kitobga kiritilgan hayvonlar va oʻsimliklar dunyosiga nisbatan insoniy munosabat boʻlish uchun, kishi avvalo ularni bilishi lozim, — deydi Navoiy viloyat ekologiya boshqarmasining matbuot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. — Ayniqsa, yurtdoshlarimizda bolalikdan ona tabiatni asrab-avaylash, jonivorlarga nisbatan muruvvatli boʻlish kabi fazilatlarni uygʻotish, albatta oʻz samarasini beradi. Qolaversa, ruhshunoslar orasida, jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlgan bola kelajakda odamlarga nisbatan ham mudhish jinoyatlarga qoʻl urishga moyil boʻladi, degan gap bor. Boshqarmamiz tomonidan Butunjahon hayvonot olamini himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Hayvonlarni asraymiz” rasmlar tanlovi shu jihatdan ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Tanlov viloyatning barcha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida uch yosh toifasida oʻtkazilib, yoshlar tomonidan chizilgan rasmlar boshqarma saytida eʼlon qilindi hamda jamoatchilik tomonidan ovoz yigʻish yoʻli bilan baholandi. Tanlov natijalariga koʻra eng koʻp ovoz yiqqan sakson nafar oʻquvchining ijodiy ishlari saralanib, ularning 9 nafari ijodiy mahorati, mavzu boʻyicha bilimi asosida gʻolib deb topildi.

Gʻoliblarga viloyat Ekologiya boshqarmasining diplom va esdalik sovgʻalari har bir oʻquvchining maktabida topshirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер