“Qizil kitob”ga kiritilgan noyob qush shikastlangan holda topildi
Fargʻona viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Oltiariq tuman inspeksiyasiga shu tumanning “Fayziobod” MFYda yashovchi fuqaro J. Ahmedov tomonidan, yashab turgan tomi tepasiga shikastlangan, katta yovvoyi qush turgani haqida xabar kelib tushdi.
Tuman davlat inspektorlari joyiga borib oʻrganishganda, mazkur qush noyob yovvoyi Oq boshli qumoy qushi ekanligi aniqlandi. Inspektorlar xonadon egasi bilan birgalikda qushni qafasga solib, veterinar koʻrigidan oʻtkazishdi.
“Qizil kitob”ga kiritilgan Oq boshli qumoy zaif, qisqarib borayotgan, oʻtroq, mozaik tarqalgan nominal kenja turidir. TMXI Qizil roʻyxatiga kiritilgan Togʻ etaklari va oʻrta qismlari togʻ va tekisliklar, jumladan, haydaladigan yerlarda yashaydi. Dunyodagi populyatsiyasi 500 mingdan 1 milliontagacha ekani taxmin qilinadi. Dunyo hayvonot bogʻlarida koʻpaytiriladi. Ovlash taqiqlangan. Togʻ qoʻriqxonalari va milliy tabiat bogʻlarida muhofaza ostiga olingan. SITESning II ilovasiga kiritilgan.
Oltiariq tuman inspektorlari qushni bir kun parvarishlab, kecha Yozyovon tumanida joylashgan oʻrmon xoʻjaligiga qarashli tabiat yodgorligi hududiga olib kelib, tabiat qoʻyniga qoʻyib yuborishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring