Qishloq shifoxonasidagi 8 nafar patronaj hamshiraga elektr skuter berildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Gulruh Sharopova Chandir qishloq uchastka shifoxonasida patronaj hamshira boʻlib ishlaydi. Har kuni erta tongda ishga keladiyu, shifoxonadagi kundalik vazifalarini tezgina bajarib, elektr skuterini gʻizillatgancha oʻziga biriktirilgan xonadonlar sari yoʻl oladi.
— Menga qishloqdagi 260 ta xonadon biriktirilgan, — deydi u. — Ushbu xonadonlarda 115 nafar keksa, 7 nafar nogironligi boʻlgan kishilar, qolaversa, homilador ayollar, yosh bolalar, maʼlum bir kasalliklardan davolanayotganlar bor. Ularga oʻz vaqtida tibbiy xizmat koʻrsatishim kerak. Qishloq joy, hudud katta. Baʼzan rejadagi bir xonadonga borsangiz, keyingisiga borish uchun yana besh-olti chaqirim yoʻl yurishingizga toʻgʻri keladi. Avvallari piyoda juda qiynalardim. Lekin yaqinda shifoxonamizdagi 8 nafar patronaj hamshiraga elektr skuterlar berildi. Bu biz uchun juda qulay transport vositasi ekan. Endi masofani oʻylamay qoʻydik. Kuniga 10-15 ta xonadonga borishga ham bemalol ulgurayapmiz.
Aytish joiz, Chandir qishlogʻi Mirishkor tumanining eng olis hududlaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, tibbiy xizmat bobida chandirliklarning ancha omadi chopgan. Chunki bu yerda zamonaviy barcha shart-sharoitlarga ega tibbiyot muassasasi — Chandir qishloq uchastka shifoxonasi joylashgan. Shifoxonada aholiga ambulator sharoitda ham statsionar sharoitda ham sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Muassasa bosh vrachi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Sayfulla Sharopovning maʼlumot berishicha, shifoxona Chandir qishlogʻidagi 5 ta mahallada istiqomat qiladigan qariyb 20 ming aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Ayni vaqtda bu yerda har biri oʻn oʻringa ega boʻlgan bolalar va ichki kasalliklar boʻlimlari hamda tugʻruqxona, bundan tashqari, kuniga yetmish qatnovga moʻljallangan ambulator poliklinka mavjud. Muassasada 5 nafar vrach hamda 33 nafar oʻrta tibbiyot xodimi faoliyat yuritishmoqda.
— Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar bizning shifoxonamizda ham oʻz ifodasini topmoqda, — deydi Sayfulla Sharopov. — Xususan, ikki yil avval shifoxonamiz tegishli dasturlar doirasida kapital taʼmirlanib, sharoitlar tubdan yaxshilandi. Isitish tizimi butunlay yangilandi. Shundan soʻng bir qator zamonaviy tashxis va davolash uskunalari keltirildi. Xususan, yangi tish davolash jihozlari jamlanmasi, ginekologik kreslo, koʻchma EKG, UZI apparatlari hamda klinik va bioximik laboratoriya jihozlari bemorlarga aniq tashxis qoʻyish va samarali davolashda qoʻl kelmoqda.
Ha, choʻl hududda joylashganiga qaramay, qiygʻos daraxtlar bilan burkangan Chandir qishloq uchastka shifoxonasi tashqi koʻrinishi tomondan ham, zamonaviy tibbiy texnologiyalarga egalik darajasi boʻyicha ham shahar shifoxonalaridan aslo qolishmaydi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring