Qishloq maktabi qoʻshma loyiha asosida jihozlandi
Buxoro viloyati Vobkent tumani Nayman mahallasi hududida joylashgan 28-umumtaʼlim maktabida zamonaviy kompyuterlar, interfaol doska, shuningdek, mahalliy tarmoq uchun ishlatiladigan LAN yaʼni Wi-Fi adapter uskunalariga anchadan buyon ehtiyoj bor edi. Endilikda bu masala kun tartibidan tushdi.
Yaqinda mazkur taʼlim dargohiga ushbu jihozlar topshirildi. Bu xayrli tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi hamkorligidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” deb nomlangan qoʻshma loyiha doirasida amalga oshirildi. Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot fondi mablagʻlari evaziga keltirilgan bu jihozlar shubhasiz, oʻquv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Maktab direktori Rohila Otayevaning bildirishicha, raqamli smart doska muallimlarga zarur axborotlarni oʻz oʻquvchilariga yanada qiziqarli qilib yetkazish imkoniyatini yaratadi. Oʻz navbatida internetga ulangan zamonaviy kompyuterlar vositasida oʻquvchi-yoshlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan taqdim etilgan taʼlim resurslaridan toʻlaqonli foydalanishlari mumkin boʻladi.
Maʼlumotlarga qaraganda respublika boʻyicha saralab olingan toʻrtta maktab ushbu loyiha doirasida jihozlandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring