Qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

15:55 09 Avgust 2020 Siyosat
1034 0

Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirishda agrar soha vakillarining alohida oʻrni bor. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-iyulda qabul qilingan qarori sohada kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga chiqarishga xizmat qiladi.

Agar eʼtibor qiladigan boʻlsak, sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish quyidagi uchta maqsadga har jihatdan bogʻliqligini koʻrish mumkin. Agrar sohada ilm-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish, hududlarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ilgʻor xorijiy tajriba va agrotexnologiyalar boʻyicha yetarli bilimli kadrlar tayyorlash.

Xabarimiz bor joriy yilgi oʻquv yilidan agrar taʼlimning bakalavriat yoʻnalishida kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, taʼlimning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik oʻqish hamda haftaning shanba kunini mustaqil oʻzlashtirish kuni deb belgilandi.

Endilikda, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish sohasi uchun magistraturada oʻqish muddatini 1 yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi talabalar uchun esa 2 yilni tashkil qiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalariga sohada 5 yillik stajga ega boʻlgan xodimlar tavsiyanoma asosida oʻqishga yuborilsa, sirtqi taʼlim shaklida 4 yil etib belgilandi. Toʻlov-kontrakt miqdori kunduzgi taʼlim yoʻnalishidagi toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirildi.

Shu bilan birga, tajriba-sinov tariqasida Toshkent davlat agrar universitetida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining sirtqi taʼlim shakli boʻyicha masofaviy taʼlim olish tizimi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.

Xorijiy fuqarolar uchun toʻlov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, ikki barobarga kamaytirish taklifi maʼqullangan. Bu xorijdan talabalarni koʻproq jalb qilishga ragʻbatlantiradi.

Alohida kasblar boʻyicha ham bakalavrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Juda koʻplab kasblar boʻyicha talab mavjudligini inobatga olganda bu mutaxassis kadrlar taqchilligini kamaytirishga asqotadi.

Shuningdek, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyati yaratilmoqda. Endilikda qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalari va fan dasturlarini agrar soha oliy taʼlim muassasalari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda “Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xorijiy davlatlarning yetakchi oliy va ilmiy-tadqiqot muassasalariga maqsadli stajirovka oʻtashga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi ham sohaga zamonaviy bilimli kadrlarni jalb etishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер