Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni — “Hosil bayrami” munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Toshkent davlat agrar universitetida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni — “Hosil bayrami” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda vazirlik tizimi tashkilotlari rahbarlari, boshqarma boshliqlari, agrar soha fidoyilari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Anjumanda bayram munosabati bilan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yoʻllagan tabrigini Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 25 avgustda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Shundan buyon mazkur sana agrar sohada mehnat qilayotgan soha xodimlari tomonidan keng nishonlab kelinmoqda.
Bayram tadbirida taʼkidlanganidek, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2016 — 2023-yillarda 400 ming gektardan ortiq paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat ekinlari joylashtirildi. 2017 — 2023-yillarda 156,6 gektar yangi mevali bogʻlar va 157,7 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etildi. Umuman olganda, davlatimizning qishloq xoʻjaligi ravnaqiga qaratayotgan alohida eʼtibori, dehqon va fermerlarga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar tufayli barcha tarmoqlarda salmoqli yutuqlarga erishilayotir.
Tadbirda soha rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda qishloq xoʻjaligi xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi. Shuningdek, yil boshida eʼlon qilingan tanlovda turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib chiqqan eng ilgʻor soha xodimlariga diplom va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Anjumanda yangragan sanʼat ustalari va yosh xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, raqslar bayram shukuhiga shukuh qoʻshdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring