Qirgʻiziston prezidenti «Artel Elektroniks» korxonasiga bordi
Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha “Artel Elektroniks” Qirgʻiziston — Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi ishlab chiqarishni kengaytirib, mahsulotlarini eksportga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Bugun, 10-sentyabr kuni, Oʻsh viloyatiga safari doirasida Sooronbay Jeenbekov mazkur korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi.

Tijorat direktori Orozbay Otajonov korxona 2018-yildan buyon ishlab kelayotgani va maishiy texnika ishlab chiqarish, xususan, kir yuvish mashinalarini yigʻish bilan shugʻullanayotgani haqida maʼlumot berdi.
Bugungi kunga qadar 105 kishi ish bilan taʼminlandi, ish oʻrinlari sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxona oyiga 900ga yaqin kir yuvish mashinalari ishlab chiqaradi, oylik savdo hajmi esa 3 million somni tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozorda sotiladi.
Taʼkidlanishicha, 2022-yilda gaz plitalarini, 2023-yildan esa televizorlar va muzlatgichlar ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Prezident Sooronbay Jeenbekov Qirgʻiziston eng yaqin qoʻshni davlatlar, shu jumladan, Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.
U mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan qoʻshma sanoat korxonalarini yaratish orqali oshirish zarurligini maʼlum qildi.
Sooronbay Jeenbekovning qayd etishicha, ular ulkan eksport salohiyatiga ega, chunki Qirgʻizistonda bojxona toʻsiqlari va bojlarsiz mahsulot yetkazib berish mumkin boʻlgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bozorlariga kirish imkoniyati mavjud.
Prezident mehnat jamoasi bilan suhbatda korxonaning har bir xodimi uning rivojlanishidan manfaatdor boʻlishi kerakligini taʼkidladi. U korporativ boshqaruvning yapon uslubini misol qilib keltirdi, bunda barcha xodimlar oʻzlari ishlayotgan korxonaga oʻzlarining shaxsiy mulki sifatida qarashadi.
Jeenbekov mintaqalarni rivojlantirish siyosatining asosiy yoʻnalishlari haqida ham toʻxtalib, uning doirasida eksport salohiyatiga ega korxonalarga asosiy eʼtibor qaratilayotganini qayd etib oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring