Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrangning oldini oluvchi qoidalar belgilandi
Illyustrativ foto
Qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrangning oldini olish qoidalari tasdiqlandi va Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Hujjat bilan bitimlar tuzishda ishtirokchilar va uning xodimlariga qoʻyiladigan talablar hamda qimmatli qogʻozlar bozorida taqiqlangan harakatlar belgilandi.
Unga koʻra, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilariga yolgʻon vaziyatlar yaratish taqiqlanadi. Mulkdorning oʻzgarishiga olib kelmaydigan bitimni amalga oshirish, boshqa ishtirokchilarni chalgʻitadigan har qanday maʼlumotlarni berish va tarqatish mumkin emas.
Shuningdek, qimmatli qogʻozlarni manipulyatorlar uchun qulay narxda sotib olishga (sotishga) undash maqsadida narxlarini sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, soxta va chalgʻituvchi faol savdo taassurotini uygʻotishga qaratilgan harakatlarni sodir etish man qilinadi.
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari hiyla-nayrang alomatlari mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda bozorni tartibga soluvchi vakolatli organni bitim roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab uch kun ichida xabardor qilishi shart.
Taʼkidlash joiz, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Avvalroq ILMAga moliyaviy bozorlarni tartibga solish vakolati berilib, agentlik investitsiya va innovatsion loyihalarda regulyator etib belgilangandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring