“Qatʼiy choralar qoʻllanayotgan bir vaqtda bir qator masʼullarning oʻzlari koronavirusni tarqatishga atayin yoʻl qoʻyib berishmoqda”

18:43 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
1168 0

Koronavirus bilan qarshi kurashda aholini hushyorlikka chaqirib, karantin qoidalarini buzganlik uchun qatʼiy choralar qoʻllanayotgan bir vaqtda bir qator masʼullarning oʻzlari koronavirusni tarqatishga atayin yoʻl qoʻyib berishmoqda.

Zangiota tumanida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha maxsus kasalxonada kasallangan bemorlar uchun ishlatilgan tibbiy buyumlardan iborat chiqindilarning bir qismi atrof muhitga tashlanmoqda. Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq tumanlari, Chirchiq daryosi atrofiga tashlangan bunday chiqindilar aholining keskin eʼtiroziga sabab boʻldi.

Bugun menga kelgan murojaat va maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda uchta hududda ana shunday chiqindilarni tashlab ketish holatlari aniqlangan. Achinarlisi, koronavirusda ishlatilgan chiqindilar daryo suviga qadar sochilib ketgan.

Oʻrganish davomida yaqin vaqtgacha bunday chiqindilarni yoʻq qilish bilan shugʻullanib kelgan “Med class plus” MCHJ bu xizmatni toʻxtatishi oqibatida shunday muammo kelib chiqqani maʼlum boʻldi. Ushbu tadbirkorlik subyekti standartlarga muvofiq, koronavirusda ishlatilgan buyumlar chiqindisini yoqib, yoʻq qilish bilan shugʻullanib kelgan. Biroq masʼullar tomonidan negadir ushbu MCHJdan bu xizmat olinib, boshqa tadbirkorga berilgan va yangi tadbirkor chiqindilarni toʻliq yoqib, yoʻq qilishning uddasidan chiqa olmagach, yashirincha atrofga chiqarib toʻkishni boshlagan.

Ozgina foyda olaman deb, oʻz yaqinlari, yurtdoshlari qolaversa mamlakat taqdirini xavf ostiga qoʻyib, bunday ish bilan shugʻullanishni nima deb atasa boʻladi oʻzi? Pastkashlik. Bunday qilayotgan odamning oʻzi ham uni yashirincha qoʻllab-quvvatlab foydani “arra” qilmoqchi boʻlgan masʼullar ham eng pastkash va kechirib boʻlmaydigan ishga qoʻl urishibdi. Buning boshqa nomi yoʻq. Bu xalqni ogʻir kunidan foydalanib qilingan jinoyat.

Umid qilamanki, barcha darajadagi huquqni muhofaza qilish organlari va vijdoni bor masʼullar bu vaziyatni shunchaki qoldirmay tezkor choralar koʻrishadi.

Shuningdek, qonunga muvofiq chiqindi tashlangan hududlarni virusdan toʻliq zararsizlantirish, muammoni hal etish va aybdorlarni jazolashlarini ham talab qilamiz!

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер