“Qatagʻon qurbonlari” muzeyiga sayohat
Foto: “Xalq soʻzi”
1938-yil 4-oktyabr sanasi Oʻzbekiston tarixidagi eng qaygʻuli va qonli kunlardan biri sifatida esga olinadi. Sababi oʻsha kuni manfur tuzum qatagʻonining navbatdagi qurbonlari — oʻzbek xalqining maʼrifatparvar ziyolilari, olimlari va davlat arboblarining katta bir guruhi oʻlimga hukm etilgan.
Bugungi kunda barcha viloyatlar markazlarida “Qatagʻon qurbonlari” xotira muzeylari tashkil etilgan boʻlib, undagi hujjatlar va eksponatlar oʻsha davrning mashʼum voqeliklari haqida yetarlicha maʼlumot beradi. Sana munosabati bilan Urganch shahridagi “Qatagʻon qurbonlari” xotira muzeyiga prokuratura sohasida faoliyat olib borayotgan yosh xodimlarning sayohati tashkil qilindi.
— Vatan ozodligi, hurligi uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizni xotirlash, ular haqidagi noyob manbalar bilan tanishish har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, faoliyati bevosita inson taqdiriga daxldor boʻlgan, zimmasiga fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan prokuratura sohasi vakillari uchun muhimdir, – deydi muzey rahbari, tarix fanlari nomzodi Yulduz Rahmonova. – Soha xodimlari muzey eksponatlari bilan tanishish jarayonida 1938-1953-yillarda qatagʻonga uchragan yurtdoshlarimizning ayanchli taqdirlari haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring