Qashqadaryodagi oliy ta’lim muassasalari o‘rganilmoqda
Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov Qashqadaryo viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan muloqotda boʻlmoqda.
Ilk manzil Qarshi davlat universiteti boʻlib, oʻtgan yil yakunida yangidan taʼmirlanib, zamon talablari asosida jihozlangan Tibbiyot fakulteti oʻquv binosini koʻzdan kechirdi.
Bugungi kunda fakultetning davolash ishi va pediatriya ishi taʼlim yoʻnalishlarida 300 nafardan ortiq talaba tahsil oladi. 2022-2023 oʻquv yilida Tibbiyot fanlari kafedrasi tashkil etilib, oʻquv jarayoniga 2 nafar fan doktori, 8 nafar tibbiyot fanlari nomzodi, 12 nafar tibbiyot institutlarini tamomlagan yosh shifokorlar jalb qilindi. Yangi oʻquv binosidan 2 ta maʼruza zali, 12 ta shinam oʻquv auditoriya, zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan biokimyo va mikrobiologiya oʻquv laboratoriya xonalari oʻrin olgan.
Vazir fakultet professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan suhbatlashib, tajribalarni keng ommalashtirilish, ilmiy salohiyatni oshirish borasida zarur tavsiya va takliflar berdi.
Soʻng tibbiyot faniga oid mingdan ortiq elektron va 180 dona oʻquv, ilmiy adabiyotlardan iborat shinam kutubxona va innovatsion loyihalarni yaratish hamda ularni rivojlantirish maqsadida boʻlgan yoshlar uchun zamonaviy inkubatsiya markazi, muhtasham faollar zali ham koʻzdan kechirildi.
Inkubatsiya markazida ilgʻor startap loyihalarini taqdimot qilgan 3 nafar talabaning innovatsion loyihasi qoʻllab-quvvatlanib, belgilangan tartibda moliyalashtirishga tavsiya etildi.
Shu yerda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining quyosh panellarini oʻrnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlari ham taqdimot qilindi. Barcha rektorlarga qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar koʻlamini kengaytirish, bu borada barcha birdek masʼul ekanligi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring