Qashqadaryoda “Yoshlar saylgohi”ning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi
Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli istirohat bogʻi hududida, salqin va bahavo maskanda tashkil etilgan saylgohda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi va maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
— Majmuani barpo etish jarayonida saylgoh hududidagi 500 metr ichki yoʻllar asfalt qilinib 1 kilometrdan ortiq beton qoplamali piyodalar yoʻlakchasi qurildi, 1600 metr kvadrat maydonga shaklli gʻishtlar yotqizildi, — deydi Qarshi shahar hokimi Normoʻmin Xolboyev. — Shu bilan birga, turli xil manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi, qoʻshimcha yashil maydonlar barpo etildi. Yuzdan ortiq zamonaviy tungi yoritkichlar, tashrif buyuruvchilar oʻtirib dam olishlari uchun 89 dona oʻtirgʻich va 50 dona maxsus chiqindi yashiklari oʻrnatildi. Hududda xavfsizlikni taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, 27 dona kuzatuv kameralari qoʻyildi.
Darhaqiqat, saylgohni barpo etilishiga ijodkorona yondashilganligini unga kirib kelishdanoq his etasiz. Dastlab sayr qiluvchilarni eni 20 metr, balandligi 8 metr boʻlgan sunʼiy sharshara va favvora qarshi oladi. Uning atrofiga oʻrnatilgan qulay oʻrindiqlarda oʻtirib, salqin shabadada maza qilib dam olish mumkin.
Sportsevar yoshlar uchun esa 2 ta sunʼiy qoplamali futbol maydoni, 2 ta shaxmat klubi hamda 1 ta tennis klubi barpo etilgan. Bu yerga nafaqat yoshlar, balki kattalar ham kelib, oʻzlari istagan sport turi bilan bemalol shugʻullanishi mumkin.
Saylgoh hududida barpo etilgan zamonaviy kutubxona esa kunu tun kitobxonlar xizmatida boʻladi. Ikki mingdan oshiq badiiy asarlar fondiga ega boʻlgan ushbu kutubxona yoshlarning badiiy tafakkurini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yoshlar saylgohi”ning tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov va boshqa masʼullar ishtirok etishdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring