Qashqadaryoda sovitkichli omborxonalarga ehtiyoj oshib bormoqda

15:45 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
1001 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Pishiqchilik mavsumida yigʻib olingan sarxil meva va sabzavotlarni uzoq vaqt davomida sifatli saqlash qish va bahor fasllarida bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlarining serobligini taʼminlash, qolaversa, ichki isteʼmoldan ortgan mahsulotni eksportga yoʻnaltirish qamrovini oshirishda ustuvor ahamiyatga ega.

Birgina Qashqadaryo viloyati misolida oladigan boʻlsak, bugungi kunda vohada yiliga 650 ming tonnadan oshiq meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Viloyatdagi mavjud sovitkichli omborxonalar sigʻimi esa ularning 15 foizinigina uzoq vaqt saqlash imkonini beradi. Demak, hududda yirik sigʻimli sovitkichli omborlar qurib ishga tushirish tadbirkorlar uchun jozibador va istiqbolli yoʻnalish boʻlib qolmoqda.

Qarshi tumanidagi “Otabekovich” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham shu vaqtga qadar mehmonxona xizmatlari koʻrsatish hamda issiqxona xoʻjaligi sohasida loyihalarni roʻyobga chiqargan edi. Yaqinda esa jamiyat tasarrufida zamonaviy sovitkichli omborxona ham ishga tushirildi. Chet el texnologiyalari asosida jihozlangan ushbu omborxona 1000 tonna mahsulotni uzoq vaqt davomida sifatli saqlash imkonini beradi.

— Sovitkichni yaqinda ishga tushirgan boʻlsakda, hududdagi tadbirkorlardan oʻz mahsulotlarini saqlab berish boʻyicha koʻplab takliflar kela boshladi, — deydi jamiyat raisi Jahongir Mardonov. — Ayni vaqtda hududdagi ishlab chiqaruvchi korxonalarning sut, konditer mahsulotlarini qisqa muddatli saqlash boʻyicha shartnoma asosida joylashtirdik. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi subyektlar bilan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash boʻyicha shartnomalar tuzib, mahsulotni joylashtirishni boshladik. Eʼtiborimizni tortgan tomoni, hududda bu xizmat turiga talab nihoyatda koʻpligi boʻldi. Bu esa bizni kelgusida yana shunday sigʻimlarni barpo etishga undamoqda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер