Qashqadaryoda sifatli urugʻlik chigit tayyorlashga eʼtibor qaratilmoqda
Maʼlumki, dehqonchilikda hududning ob-havo, tuproq, suv sharoitlari bilan bir qatorda, urugʻning sifati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, paxta yetishtirishda hosildorlik koʻp jihatdan tanlangan urugʻlikning sifatiga bogʻliq boʻladi.
Joriy yilda 133 ming 200 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlab, yuqori hosil olishni maqsad qilgan qashqadaryolik mirishkorlar ham mavsum tadorigini sara urugʻlik tayyorlashdan boshlashgan.
— Viloyatda bu yilgi mavsum uchun 5873 tonnadan oshiq urugʻlik chigit gʻamlangan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi shoʻba boshligʻi Habibullo Esanov. — Asosan, gʻoʻzaning hudud iqlim sharoitiga mos, ertapishar “Buxorо-102”, “Porloq-4”, “Buxorо-10”, “Ravnaq-2” hamda “S-8290” navlari ekilishi moʻljallangan. Ayni paytda ushbu navlardagi urugʻlik chigitlarni saralash, tuksizlantirish hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda. Inspeksiyamiz xodimlari tomonidan viloyatdagi barcha urugʻlik chigit tayyorlash sexlaridagi ish jarayonlari kuzatilib, urugʻlikka belgilangan talablar asosida ishlov berilishi nazoratga olingan.
Albatta, bu boradagi tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi joriy yilda viloyat mirishkorlari tomonidan paxtadan yuqori hosil olinishiga zamin yaratadi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring