Qashqadaryoda mustaqillik ayyomi tantana qilinmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bogʻida joylashgan amfiteatrda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida oʻtkazilgan tantanali tadbirni Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov kirish soʻzi bilan ochib, barchani Mustaqillik bayrami bilan qutladi. Joriy yilda viloyatda turli sohalarda amalga oshirilgan ishlar va hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar xususida soʻz yuritdi.

— Viloyatda 2023-2024-yillarga moʻljallangan, umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollardan ortiq boʻlgan 500 ga yaqin sanoat va boshqa yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, — dedi Murotjon Azimov. — Viloyatning eksport salohiyati oʻtgan besh yil ichida 6 barobarga, hududiy eksport koʻrsatkichi 10 barobarga oshdi. Albatta, iqtisodiyotda erishilayotgan bunday yutuqlar aholining turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Haqiqatda viloyatda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash dasturiga asosan viloyatda qiymati 530 milliard soʻmlik 687 ta obyekt foydalanishga topshirilgani, shuningdek, 2,5 trillion soʻm mablagʻ evaziga 1700 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy soha obyektlarini qurish, taʼmirlash boʻyicha olib borilib, ayni vaqtda 99 ta maktabda 276 milliard soʻmlik, 35 ta maktabgacha taʼlim muassasasida 158 mlrd. soʻmlik, shuningdek,10 dan ortiq madaniyat va sport obyektlarida 14 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Mustaqillik yillarida erishilgan natijalar, keyingi yillarda turli sohalarda yuz berayotgan hayotbaxsh oʻzgarishlar bayram dasturida ham oʻz ifodasini topdi. El suygan sanʼatkorlar ijrosidagi dilbar navolar barchaga xush kayfiyat, shodonlik ulashdi.
Vohaning barcha hududlarida mustaqillik bayrami davom etmoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring