Qashqadaryoda ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari bugungi avlodga tarix haqida soʻzlab berdi
Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushining eng qirgʻinbarot janglarida mamlakatimizdan 1,5 million kishi ishtirok etib, 500 mingga yaqini halok boʻlgan, yana qanchasi bedarak ketib, qanchasi mayib-majruh boʻlib qaytgan. Birgina Qashqadaryo viloyatidan janggohlarda qon kechgan 47 mingdan ortiq vatandoshimiz, jumladan, 96 nafar xotin-qizning yarmidan koʻpi ortga qaytmagan. Bugungi kunda viloyatda 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot kechirmoqda.
Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi”da boʻlib oʻtgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasi yod etilib, olovli janggohlardan omon qaytib, ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda oʻzligini yoʻqotmagan, iymoni butun insonlarga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Uchrashuvda viloyatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan veteran jangchilar, frontorti mehnat faxriylari, harbiylar hamda kelgusida harbiy sohani egallashga ahd qilgan yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida har yili Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib, Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash, ularni moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha koʻplab tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
- Bu yil nasib etsa 100 yoshni qarshiladim. Omon boʻlgur bu bosh bir asr ichida ne kunlarni koʻrmadi. Qishloqdan 77 kishi urushga ketib, 22 kishi qaytganmiz. Urushning dahshatli manzarasi, okop ichida halok boʻlgan safdoshlarimiz, yonib, vayronaga aylangan shaharlar, zavod-fabrikalar, begunoh nobud boʻlgan yosh bolalar oʻsha kunlardan xotira boʻlib qoldi bizga. Unday kunlar hech kimning boshiga tushmasin, hech qachon urushni koʻrmanglar, tinchlikning qadriga yetinglar, - deydi Qarshi tumanida yashovchi urush veterani Ochil bobo Toshev atrofini oʻrab olgan yoshlarga qarata, allanechuk xoʻrsinib.

“Vatanparvarlar bogʻi”da jam boʻlgan kechagi, bugungi va kelajak vatanparvarlari avlodi vakillari, yurtimizda, xususan, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, yoshlar erishayotgan yutuqlar, fan-taʼlim yangiliklari, bugungi dorilomon kunlar haqida dildan suhbat qurishdi. Urush qatnashchilari yoshlarga boshidan kechirganlari, urush davri qiyinchiliklari haqida soʻzlab berishdi. Yoshlarni yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrash, vijdonli va mard boʻlish, taʼlim-tarbiya olish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishga daʼvat etdilar.
Xotira va qadrlash kuni tadbirlari doirasida oʻtkazilayotgan bunday uchrashuv va muloqotlar korxonalar, tashkilotlar, oʻquv muassasalari hamda mahallalarda uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring