Qashqadaryoda 2000 nafardan ortiq nogironligi boʻlgan insonlarga kitob oʻqish uchun imkoniyat yaratib berilmagan
Illyustrativ foto
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda koʻzi ojizlar uchun ajratilgan kutubxonalardagi vaziyat muhokama etildi. Unda taʼkidlanishicha viloyat boʻyicha faqat 3 ta tumandagi kutubxona oʻz binosiga ega. Qolgan tumanlarda koʻzi ojizlar uchun tashkil qilingan kutubxonalar madaniyat markazlari yoki qarovsiz binolarda ijarada joylashgan. Shahrisabz shahri va Dehqonobod tumanida koʻzi ojizlar kutubxonasining filiallari mavjud ham emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018-yil 18 sentabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda koʻzi ojizlar kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Ushbu qarorda barcha tumanlarda koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasining filiallarini tashkil etish belgilangandi.
Biroq viloyatda ushbu qaror ijrosi bajarilmagan. Ayrim tumanlarda koʻzi ojizlar uchun maxsus kutubxonalarning yoʻqligi, mavjud kutubxonalarda brayl yozuvidagi kitoblarning yetishmasligi, moddiy texnik bazasining nochorligi tufayli viloyatda 7863 nafar nogironligi boʻlgan insonning 2000 nafardan ortigʻi kitob oʻqishga jalb qilinmagan.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev oʻtkazgan yigʻilishda hukumat qarori ijrosini bajarmagan mutasaddilar faoliyatiga tanqidiy baho berildi. 1 oy muddatda viloyat hokimligi va Madaniyat boshqarmasi bilan birgalikda alohida loyiha asosida maxsus kutubxonalarni tashkil qilish va shu bilan bogʻliq ishlarni kechiktirmasdan boshlash chora-tadbirlari belgilandi.
A. Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring