Qashqadaryo viloyatidagi chorva mollarida oqsil virusli kasalligi tarqalyaptimi? — Davlat qoʻmitasi shu boʻyicha tekshiruv oʻtkazdi
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi chorva mollarida oqsil virusli kasalligi koʻpayayotgani toʻgʻrisida xabarlar tarqalgan edi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi holatni oʻrganish uchun qoʻmitaning Hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Shomurod Rahmatullayev boshchiligida epizootolog, virusolog va boshqa mutaxassislardan iborat guruhni viloyatga xizmat safariga joʻnatdi.
Ishchi guruh tomonidan tumanlardagi chorva mollaridan olingan qon va boshqa tahlillar diagnostik tekshiruvlardan oʻtkazilganida oqsil kasalligi qayd etilmadi.
Oqsil oʻtkir kechuvchi, oʻta tez tarqaluvchi infeksion virusli kasallik boʻlib, u bilan juft tuyoqli hayvonlar kasallanadi. Infeksiyaning asosiy manbasi esa kasal hayvon hisoblanadi.
Hayvonlarning oqsil kasalligiga chalinmasligi uchun veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish, oʻz vaqtida unga qarshi emlash ishlarini tashkil etish zarur.
Qashqadaryo viloyatida 2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 1 million 600 ming boshga yaqin yirik va 4 million 700 mingga yaqin mayda shoxli mol parvarishlanmoqda. 2019-yil va joriy yilning oʻtgan davri davomida viloyatga 3 million dozaga yaqin oqsil kasalligiga qarshi emlama yetkazib berilgan boʻlib, viloyat boʻyicha 2,8 million boshga yaqin chorva mollari oqsil kasalligiga qarshi profilaktik emlangan.
Hozirgi kunda viloyatdagi chorva mollarining 50-60 foizida immunitet faolligi mavjud boʻlib, emlash ishlari davom etmoqda. Bugungi kun holatiga koʻra, viloyatda 130 ming dozaga yaqin emlama zaxirasi mavjud.
Viloyatda epizootik barqarorlikni taʼminlash va epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etish maqsadida viloyat hokimining 2020-yil 5-fevraldagi farmoyishiga asosan, hayvonlar kasalliklarga chalinishining oldini olish maqsadida viloyatda “Zarbdor 70 kunlik” tadbiri tashkil etilib, emlash ishlarini guruh usulida olib borish uchun tuzilgan 114 ishchi guruhga 425 veterinariya mutaxassisi biriktirilgan. Shuningdek, profilaktik tadbirlarni muvofiqlashtirib borish uchun alohida shtab tashkil etilgan boʻlib (tel: (75)224-10-27), ular tomonidan epizootik tadbirlarning kunlik monitoringi yuritiladi.
Shu oʻrinda chorva egalaridan mollarning kasalliklari yoki ularni emlash boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarga emas, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ishonch telefonlariga (+99871 202-12-00 (#201) yoki +99871 276-01-18) murojaat qilishlarini soʻrar edik.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Axborot xizmati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring